“Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov Bekoboddagi durangdan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Avvalo, bugungi tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklaymiz, “Lokomotiv” tarkibida yanada ko‘plab gollar urishingizni tilab qolamiz. “Metallurg” kuchli jamoa, bugun raqiblarning himoyasiga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin bo‘ldi?
– Tabrik uchun rahmat. “Metallurg” kuchli jamoa bo‘lsa ham ularga qarshi o‘ynash og‘ir demagan bo‘lardim. Bu yerda o‘ziga ishonch faktori muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, vaziyatlardan doimo unumli foydalanmoq darkor. Biz esa kuchga e’tibor qaratdik. Ikkinchi bo‘limda esa ularga tashabbusni topshirib qo‘ydik. “Metallurg” biz bilan hujumkor o‘ynay olishini tushundi va shu sababli men ham ko‘proq himoyachilarga yordam berib turdim.
– Keling, urilgan birinchi gol haqida gapirsangiz. O‘sha pallada siz to‘pni Kaxi Maxaradzega oshirgandingiz. O‘shanda o‘zingizda ham zarba berishga ishtiyoq bormidi?
– Yo‘q, u yerda himoyachilar mening oldimga yetib kelishgandi. Agarda to‘pni Kaxiga tezroq oshirmasam, vaziyat qiyinlashib ketardi. O‘z navbatida Maxaradze ham juda qulay nuqtaga ochilib kelayotgandi. Quvonarlisi, barchasi o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi.
– Futbolda futbolchilar tug‘ilgan kunida gol urishi kerak degan kichik qoida bor. O‘yindan oldin siz ham shu haqida o‘ylab ko‘rganmidingiz?
– To‘g‘risini aytganda, g‘alaba haqida o‘yladim, tug‘ilgan kunim esa ikkinchi masala edi. Biz yomon bo‘lmagan temp namoyish qildik. Ochkolar qo‘lga kirityapmiz. Bu men uchun asosiysi. Hali ushbu egallab turgan o‘rnimizdan yuqoriroq bo‘lamiz. Barchasi o‘z qo‘limizda. Har bir uchrashuvda o‘zimizni ko‘rsatib, maksimal ochkolar orqali yuqoriroqqa ko‘tarilishimiz kerak.