Avazbek Oʻlmasaliyev: “Golimni akamga bagʻishlayman”

“Navbahor”ga qarshi oʻyindan keyin “Lokomotiv”ga gʻalaba keltirgan gol muallifi Avazbek Oʻlmasaliyev fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

– Avaz, avvalo gol urilgan vaziyat haqida gapirsangiz.

– Avvalo, aytishim mumkinki, juda tez hujumga oʻtdik. Temurxoʻja Abduxoliqov toʻp bilan edi, yaxshi nuqtaga ochildim va toʻpni soʻradim. Bir raqibdan oʻtgandan keyin oʻylab ham oʻtirmasdan zarba yoʻlladim. Miyamda faqatgina gol haqida oʻylar bor edi.

– Jamoaning Superligadagi vazifasi borasida nima deya olasiz? Yangilarning jamoaga moslashuvi qanday kechmoqda?

– Gʻalaba uchun maydonga tushyapmiz. Yangilar jamoaga tezda moslashib ketganini barcha koʻrib turibdi, ular yaxshi oʻyin koʻrsatmoqda. Kollektiv haqida ham shunday iliq fikrlarni ayta olaman, navbatdagi oʻyinlarga ham shunday pozitiv kayfiyatda tayyorlanamiz. Asosiy maqsad — istalgan imkoniyatdan foydalanib, gʻalabaga erishish.

– Jamoadoshlaringiz gol bilan qay tariqa tabrikladi?

– Ha, barchadan tabrik qabul qilib oldim. Yoʻldan uchragan barcha yelkamni urdi (kuladi). Umuman olganda, barchasi ajoyib! Shunday ruxda davom etishga harakat qilamiz. Shuni aytishim kerak, golimni akamga bagʻishlayman. U televizor orqali oʻyinni tomosha qilib turdi. Akamni xursand qilganimdan juda ham xursandman.