Futbolchilarimiz kartingda o‘z mahoratlarini sinab ko‘rishdi 🏎

Bugun “Lokomotiv” PFK rahbariyati tomonidan jamoamiz futbolchilari va murabbiylar shtabi uchun “Anhor Lokomotiv” istirohat bog‘ida madaniy hordiq tashkil etildi. Jamoamiz a’zolari Karting markazida karting bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinab ko‘rishdi. 👇

Futbolchilar beshtadan olti guruhga bo‘linib dastlab poygada guruh g‘oliblarini aniqlashdi. Har bir guruhda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etganlar finalga yo‘l olishdi. Musobaqaning hal qiluvchi final poygasida Slavko Damyanovich g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Shuhrat Muhammadiyevga nasib etgan bo‘lsa, Marat Bikmayev uchinchi bo‘ldi.

Musobaqa yakunida Karting markazi xodimlari tomonidan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bunda g‘olib va sovrindorlarga medallar hamda esdalik diplomlari taqdim etildi. Albatta, hayot faqat futboldan iborat emas, sportchi uchun kerak paytda madaniy hordiq ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbir jamoamiz vakillariga ma’qul kelib, barchada iliq taassurot qoldirdi.