Azizbek Amonov: “Qadam va qadam oʻsishda davom etyapmiz”

“Navbahor”ga qarshi oʻyindan keyin Azizbek Amonov fikrlarini bildirib oʻtdi.

– Aziz, gʻalaba bilan tabriklaymiz. Bugun juda faol oʻynadingiz. Murabbiyning oʻyinga qoʻygan rejasi qanday edi?

– Raqiblarni oʻrganish jarayonida uchinchi hududga katta eʼtibor berdik. Murabbiylarning koʻrsatmalari sababli 100 foiz kuchni maydonga tashladik. Gʻalaba uchun qattiq intildik va muhim uch ochkoni qoʻlga kiritdik. Turnir jadvalidagi holatimizni biroz boʻlsa-da yaxshilab oldik. Endi faqatgina oldinga harakatlanish kerak.

– Ushbu 2 oʻyin davomida jamoaning oʻyiniga qanday taʼsir oʻtkazdingiz deb hisoblaysiz?

– Chempionlik davrimizdagi natijalarni qayd etishga harakat qilyapmiz. “Loko”da oldin ham oʻynaganman va shu sababdan jamoaga qanday vazifa qoʻyilishini bilaman. Har bir oʻyinda 3 ochko olish uchun intilyapmiz, yigitlar ham borini berishmoqda. Muhimi jamoaning asosi bor, qadam va qadam oʻz koʻnikmalarimizni rivojlantiryapmiz, xatolarni kamaytirish borasida ishlayapmiz. Endi yirik hisobda ham yutishni bilish kerak, chunki 1:0 doimo xavfli hisob boʻlib kelgan.