Shahzod Shaymanov: “3 oy dam olib, birdaniga zo’r o’ynab ketish qiyin bo’ladi”

“Lokomotiv” futbolchisi Shahzod Shaymanov Coca Cola Superligasi doirasida “Metallurg”dan uchralgan mag’lubiyat haqida fikr bildirdi.

– Shahzod, maydonga tushishingizdan oldin bosh murabbiydan qanday ko’rsatmalar olgandingiz? O’shanda jamoaning holati unchalik oddiy emasdi.
– Bosh murabbiy menga jamoaga markazda yordam berishim kerakligini aytdi. Shuningdek, hujumkor futbolchilarga boshqa vazifalar ham yuklatildi.

– Bugun jamoaning o’yini unchalik qovushmaganiga qanday izoh bera olasiz?
– Albatta, ko’plab xatolarga yo’l qo’ydik. Bu yerda aynan kimnidir ayblash qiyin. Mag’lubiyatda butun bir jamoa aybdor.

– Balki 3 oylik tanaffus ham bunga sababchidir.
– To’g’ri, o’rtada 3 oy dam oldik, shu sababli o’yin amaliyotisiz birdaniga zo’r o’ynab ketish qiyin bo’ladi. Umid qilamanki, oldindagi o’yinlar davomida biz yana o’z holatimizga qaytib, chempionat yetakchilariga aylanib olamiz.