Yutqazdik, lekin boʻshashmasdan ishlashda davom etamiz 🚂💪

Uch oylik tanaffusdan soʻng “Lokomotiv” yana rasmiy oʻyinda maydonga tushdi. Superliganing 4-turidan oʻrin olgan bahsda jamoamiz “Metallurg”ga qarshi oʻyinda kutilmaganda 0:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi. 👇

Toʻgʻri, magʻlubiyat alamli, yirik magʻlubiyat undan ham yomon. Ammo futbolchilarimiz yaqinda karantindan chiqib mashgʻulotlarga qaytgani hamda jamoalar holati hozirgi paytda turlicha ekanini unutmaylik. Kechagi oʻyinda «temiryoʻlchilar»ning mavsum restartiga toʻliq tayyor emasligi koʻrinib qoldi.

Bu endi vaqt hukmiga bogʻliq masala. Umid qilamizki, jamoa oʻyindan oʻyinga kuchayib boradi va tezda oʻz oʻyinini topib oladi. Muhimi, kechagi magʻlubiyat mavsumning ayni chogʻ pallasida emas, balki karantindan keyingi ilk kunlarda roʻy berdi. Futbolda esa har bir magʻlubiyat oʻziga xos dars beradi. Jamoamiz ushbu magʻlubiyatdan tezda saboq chiqarishiga ishonamiz.

Oldinda bizni yana bir muhim uchrashuv kutmoqda. 20-iyun kuni yana oʻz maydonimizda oʻynaymiz va bu safar Jizzaxning “Soʻgʻdiyona” klubi raqibimiz boʻladi. “Soʻgʻdiyona” 4-turda “Paxtakor” ustidan zafar quchganini inobatga olsak, shu haftaning shanba kuni qiziqarli toʻqnashuv kutib turibdi.

Hozirgi paytda yutqazib qoʻydik deb boʻshashishga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Chunki bu futbol. Futbolda gʻalabalar kabi magʻlubiyat ham boʻlib turadi. Kuchli jamoalar esa magʻlubiyatdan toʻgʻri xulosa chiqarib oʻz yoʻllarida dadil davom etishadi. Muxlislarimizdan ham koʻngilni choʻktirmaslikni soʻrab qolamiz. Nasib qilsa tez orada yutuqlarga erishamiz va jadvalning yuqori qismiga koʻtarilib olamiz.

🏆 Coca Cola Superliga. 5-tur uchrashuvlari

▶️ 19-iyun, juma
“Qoʼqon-1912” – “Qizilqum” | “Mahalla” (19:00)
“Paxtakor” – “Bunyodkor” | “Sport TV” (20:00)

▶️ 20-iyun, shanba
“Navbahor” – “Buxoro” | “Mahalla” (19:00)
“Lokomotiv”– “Soʼgʼdiyona” | “Sport TV” (19:00)
AGMK – “Surxon” | “Dunyo boʼylab” (20:00)

▶️ 21-iyun, yakshanba
“Andijon” – “Metallurg” | “Mahalla” (19:00)
“Mashʼal” – “Nasaf”| “Sport TV” (19:00)