Otabek Turopov: “Mavsumdagi ilk safar oʻyini boʻlgani uchun qiynaldik“

U-21 chempionati doirasida “Navbahor“ maydonida qayd etilgan durangdan keyin “Lokomotiv“ futbolchisi Otabek Turopov klub matbuot xizmatiga oʻyin haqidagi fikrlarini bildirdi.

– Mavsumdagi ilk safar oʻyini boʻlgani uchun qiynaldik. Stadionga tashrif buyurgan muxlislar “Navbahor“ni ajoyib tarzda qoʻllab-quvvatlab turishdi. “Navbahor“ning bunday oʻyinidan keyin biz qarshi hujumlarda raqibni ushlashga urindik. Ammo yaratgan vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.

– Muxlislar bosimi futbolchilarga qanchalik taʼsir qildi?
– Boshida biroz hayajonlandik. Keyinchalik barchasi oʻtib ketdi. Oʻyinga kirishib ketganimizdan keyin ob-havo ham, raqiblarni ajoyib tarzda qoʻllab-quvvatlayotgan muxlislar ham oʻyinimizga taʼsirini oʻtkazmadi.

– Nima deb oʻylaysiz, gʻalaba uchun nima yetishmadi?
– Hali oʻz oʻyinimizni toʻliqligicha topib ololmadik. Bugun raqiblarni muxlislar qoʻllab turgani ham ularga katta imkoniyat yaratdi. Mavsumga kirishib keta olsak, barchasi yaxshi boʻlib ketadi.

– Qayd etilgan ketma-ket ikki durangga qanday baho bersak boʻladi?
– Mavsum endi boshlandi. Hali oldinda koʻplab oʻyinlar bor. Biz ham oʻyindan oʻyinga oʻz yoʻlimizni topib olamiz. Shunchaki bunga biroz vaqt kerak.

– Raqiblarning oʻyiniga qanday baho berasiz?
– Hujumchilari agressiv oʻyin koʻrsatar ekan. Ular juda tartibli oʻyin koʻrsatishdi. Himoyadan hujumga faqatgina paslar orqali chiqishmoqda. Shu boisdan “Navbahor“ga yuqori baho bersak boʻladi.