Dilshod Nuraliyev: “Hali koʻzlangan oʻyinni shakllantira olmadik“

“Lokomotiv“ U-21 jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev klub matbuot xizmatiga bugun “Navbahor“ga qarshi oʻyinda qayd etilgan durang haqidagi fikrlarini bildirdi.

– “Navbahor“ga qarshi oʻyin qiyin oʻtishini bilardik. “Navbahor“da 2 mavsumdan buyon bir tarkib shakllanmoqda. Shu boisdan ularda jamoaviylik biroz yuqoriroq. Biz esa yangi jamoani shakllantirdik. Shunga qaramay men ayta olaman, bugungi oʻyin kurashlarga juda boy boʻldi. Toʻgʻri, bugungi oʻyinda koʻplab vaziyatlar yarata olmadik. Shunday boʻlsa ham yigitlar oʻyinning intrigasini ushlab tura olishdi. Futbolchilarning ustunlik va kamchiliklarini shunday oʻyinlarda koʻrib olyapmiz. Keyingi oʻyinlarga qadar ushbu kamchiliklar ustida ishlab, ularni yoʻqotishga harakat qilamiz. Yigitlarga rahmat, soʻnggi soniyalarga qadar ham eʼtiborni yoʻqotishmadi.

“Navbahor“ tarkibida yuqori texnikaga ega futbolchilar koʻp ekan. Shu sababli bizga juda qiyin boʻldi. Maydon markazida harakat qilishdan charchamaydigan futbolchilar ham koʻpchilikni tashkil qilishgan. Shogirdlarimga gap yoʻq, qattiq harakat qilishdi va natijani ushlab qolishdi.

Toʻgʻri, 2 oʻyinda qayd etilgan durang “Lokomotiv“ga yarashmaydi. Navbatdagi oʻyinda qattiq harakat qilib, gʻalabaga erishmoqchimiz.

– Bugungi durang sizni qoniqtirdimi?
– Qoniqtirdi desa ham boʻladi. Chunki “Navbahor“da golga tortadigan vaziyatlar koʻp boʻldi. Tomoshabinlarning qoʻllab-quvvatlashi ham “Navbahor“ yoshlariga katta koʻmak berdi. Ayrim jamoalarning asosiy tarkib oʻyiniga ham bunchalik muxlis kelmaydi. Ular esa yoshlarning oʻyinlarini shunday qattiq ishtiyoq bilan kuzatmoqda. Aynan tomoshabinlar uchun futbol oʻynaymiz. Oʻylaymanki, tomoshabinlar ham soʻnggi daqiqalargacha qattiq hayajon bilan oʻyinni tomosha qilishdi.

– Mana ikki tur oʻtdi. Jamoa siz kutgan oʻyinni qanchalik darajada koʻrsata olyapti?
– Hali oʻyinni shakllantira olmadik. Buning uchun qattiq mehnat qilishimiz kerak. Boshida biz kombinatsion oʻyin koʻrsatmoqchi edik. Biroq maydonning holati bunga yoʻl qoʻymadi va shu boisdan uzun paslar bilan oʻynashga majbur boʻldik. Shu tufayli bir futbolchimiz ham qattiq jarohat oldi. Endi natijalarga qaramasdan oldinga intilamiz. Nasib qilsa, yana 3-4 turdan keyin ajoyib jamoani koʻrasiz.