Superliganing 1-tur doirasida “Andijon”ga qarshi oʻyindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
– Barchani boshlangan yangi mavsum bilan tabriklayman. Oʻyin tugaganidan keyin kiyinish xonasida Yigitlarga faqatgina natija yoqqanini aytdim. Mavsum boshlanishidan oldin barcha jamoalar 1-turda yuqori kuch bilan tushishini kutgandim. Bugun koʻplab vaziyatlar yaratganimiz meni quvontirdi. Oʻyin sifatini yaxshilash borasida koʻplab ishlar olib borgandik. Jamoaning katta qismi oʻzgargan. Ular hali jamoa tarzida shakllana olishmadi. Shu boisdan qoʻlga kiritilgan qiyin gʻalaba bilan ularni tabriklayman. Oldindagi katta mavsumni gʻalaba bilan boshlaganimiz ularga ruxiy dalda boʻladi.
– Jamoa “Istiqlol”ga qarshi oʻyinda kichik hisobda yutqazdi. Bugun esa kichik hisobdagi gʻalaba. Nima deb oʻylaysiz natija aldamchi boʻlishi mumkinmi?
– Men ham jamoaning oʻyinlari bundan-da yaxshi boʻlishini istayman. Bu faqatgina 1-tur. Oldinda katta mavsum bizni kutib turibdi. Barcha oʻyinlarni 2:1 hisobidagi gʻalaba bilan yakunlashga ham yoʻq demasdim.
– “Lokomotiv” birinchi taymda, “Andijon” esa ikkinchi boʻlimda yaxshi oʻynadi. Yoki ikkinchi boʻlimda “Lokomotiv” “Andijon”dan koʻra yomon oʻynadi degan fikr toʻgʻrimi?
– “Lokomotiv” ikkinchi boʻlimda “Andijon”dan koʻra yomon oʻynamadi. 2:0dan keyin biz oʻyinni qayta qurishni boshladik. Ikkinchi boʻlimda yigitlarning oldiga qoʻygan maqsad oʻzgardi va boshqacha taktikalarni ishlatdik. Raqibning golidan keyin esa natijani ushlab qolish uchun harakat qildik.
– “Lokomotiv”ning markazidagi futbolchilar kuchsizroq. Jamoa shu yarim himoyachilar bilan chempionlik uchun kurasha oladimi?
– Boshida aytganimdek, har qanday holatda ham biz chempionlik uchun kurashamiz. Men uchun eng yaxshi futbolchilar jamoamdagilar. Har doim koʻp narsa, yaʼni, tayyorgarlik, oʻyinning kayfiyati, ruxi raqibning saviyasiga bogʻliq boʻladi. Masalan, futbolchilarga ham boshqacha vazifalar topshiriladi. Jamoadagilarning imkoniyati yuqori. Mavsum davomida bundan unumli foydalanamiz.
– Kaxi Maxaradze markazda yaxshi oʻyin koʻrsatardi. Nima uchun uni aynan markaziy himoyada oʻynatyapsiz?
– Kaxi jamoaning eng tajribali futbolchilardan biri. U hali oʻzining yuqori jismoniy holatiga kira olmadi. U qaysi pozitsiya boʻlsa ham yuqori saviyada oʻynaydi. Hozircha u oʻyinlarga toʻliqligicha tayyor emas. U bilan bu borada ishlayapmiz.
– “Lokomotiv” kelasi turda “Navbahor” maydoniga safar uyushtiradi va oʻyinda anshlag boʻlishi kutilmoqda. Ushbu oʻyindan nimalarni kutyapsiz?
– “Navbahor”ga qarshi ajoyib oʻyin boʻlishini kutyapman. Soʻnggi yillarda “Navbahor”da katta oʻsish boʻldi. Muxlislar esa jamoaga katta kuch bermoqda. Namangandagi oʻyin muxlislarga katta zavq berishi aniq.