Vadim Afonin – “Lokomotiv” futbolchisi!

Transfer darchasi yopilishiga sanoqli kunlar qolganida ‘Lokomotiv’ yana bir futbolchi bilan shartnoma imzoladi. O’z vaqtida ‘Sho’rtan’ klubi hamda O’zbekiston milliy terma jamoasidagi o’yinlari orqali muxlislarga tanilgan Vadim Afonin Rossiyadagi 7 yillik faoliyatdan so’ng yana yurtimizga qaytdi. Endilikda u ‘temiryo’lchilar’ sharafini himoya qiladi.

Ma’lumot uchun:

Vadim Afonin
Tug’ilgan sanasi: 29.09.1987
Tug’ilgan joyi: Toshkent shahri
Ampluasi: yarim himoyachi
Bo’yi 180 sm, vazni 74 kg.

Futbolchilik faoliyati:

2005 – «Traktor»
2006-2008 – «Rubin» (Rossiya)
2009-2012 – «Sho’rtan»
2013 – «Salyut» (Rossiya)
2014-2017 – «Orenburg» (Rossiya)
2017 – «Anji» (Rossiya)
2018-2019 – «Orenburg» (Rossiya)

Vadim Afonin O’zbekiston yoshlar va olimpiya terma jamoalarida bir nechta o’yinlarda maydonga tushgan, shuningdek 2012-2017 yillar oralig’ida O’zbekiston milliy terma jamoasida harakat qilgan.

Afonin Toshkentning sobiq ‘Traktor’ jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional futboldagi faoliyatini 2005 yil shu klubda boshlagan. ‘Traktor’ asosiy tarkibidan joy olgan yarim himoyachi o’zining yagona mavsumida 25ta o’yinda maydonga tushgan.

2006 yil Afonin Rossiyaga yo’l olib Qozonning ‘Rubin’ klubi bilan shartnoma imzolaydi hamda dastlab o’rinbosarlar safida to’p tepadi. ‘Rubin’ asosiy tarkibida Rossiya Kubogi 1/16 final bosqichida ‘Smena’ga qarshi maydonga tushib o’z debyutini to’liq o’tkazgan.

Afonin 2009 yil O’zbekistonga qaytib ‘Sho’rtan’ bilan shartnoma imzolaydi va 2012 yil oxirigacha g’uzorliklar sharafini himoya qiladi. 2011 yil u ‘Sho’rtan’ safida OFK Kubogi o’yinlarida ishtirok etganini ko’pchilik yaxshi eslasa kerak. Bundan tashqari ‘Sho’rtan’ning OFK Kubogidagi ilk goli muallifi ham aynan Vadim Afonin hisoblanadi.

Keyinchalik mohir yarim himoyachi yana Rossiyaga yo’l olib ‘Salyut’, ‘Anji’, ‘Orenburg’ klublarida harakat qildi. Bu yildan esa ‘Lokomotiv’ safida jamoamizning yuqori maqsadlarni hal etishida yaqindan yordam beradi.

photo_2020-03-02_17-52-11 photo_2020-03-02_17-52-06 photo_2020-03-02_17-52-02 photo_2020-03-02_17-51-59 photo_2020-03-02_17-51-56 photo_2020-03-02_17-51-53