“Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Buxoro” bosh murabbiyi Muxsin Muhammadiev oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.
– Ochigʼini aytaman, oʼyinimiz oʼxshamadi. Oʼrtadagi tanaffus ham bunga taʼsir qildi deb oʼylayman. Oʼrtada oʼzimizning imkoniyatlarimizni yoʼqotib qoʼydik. Endi barchasini boshqatdan boshlab, imkoniyatlarni yigʼib olish kerak. Yigitlar harakat qilishdi. Аfsuski, magʼlub boʼldik. Bu yerda oʼyindan oldin maydonni sugʼorishar ekan. Biz esa umuman boshqacha boʼlgan qattiq maydonda mashgʼulot olib boramiz. Uni sugʼorishning imkoniyati yoʼq. Umuman olganda raqiblarda juda koʼplab vaziyatlar boʼldi. Аgarda oʼyinning avvalida yaratilgan ikki vaziyatdan unumli foydalanganimizda oʼyin surati boshqacha ketishi mumkin edi. Shuningdek, uchrashuv 1:0 boʼlib turgan paytda “Loko” futbolchisi oʼz jarima maydonchasi ichida toʼpni qoʼli bilan oʼynagandi. Ushbu vaziyatni koʼrib chiqish kerak.
– Boshqa klublarda koʼplab futbolchilar termada oʼynashadi. “Buxoro”da esa deyarli jamoaning barcha futbolchilari mashgʼulotda qatnashmoqda. Buning ham taʼsiri bormi?
– Аlbatta, taʼsiri bor. 4-5 kun dam olgandan keyin koʼp narsa oʼzgarib ketadi. Futbolchilar navbatdagi mashgʼulotlarda oʼzlarini koʼrsata olishlari qiyin boʼladi. Barcha futbolchilarning oʼziga xos hususiyatlari boʼladi. “Lokomotiv”da esa bunga boshqacha qaraladi va shu boisdan ular oʼyinga yaxshi holatda kelishdi.
– Soʼnggi 3 oʼyinda jamoa kuchli raqiblarga qarshi bahs olib bordi: “Nasaf”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv”. Siz qoʼlga kiritilgan 4 ochkodan mamnunmisiz?
– Mamnun emasman. Аgarda bugun yaxshiroq holatda kelganimizda magʼlubiyatga uchramagan boʼlardik. Shuningdek, oʼyin yakuni arafasida uchta oʼzgartirishdan keyin bir futbolchimiz jarohatlandi. “Lokomotiv” esa birinchi boʼlimda darvozamiz oldida birorta vaziyatga ega boʼlmadi. “Lokomotiv”ni gʼalaba bilan tabriklayman.