Bugun Coca Cola Superligasining 22-turidan oʻrin olgan uchrashuvlar davom ettiriladi.
Turnir jadvalida 38 ochko bilan ikkinchi oʻrinda borayotgan “Lokomotiv” oʻz maydonida “Buxoro”ni qabul qiladi. “Buxoro” hisobida 19 ochko mavjud boʻlib, turnir jadvalida 12-oʻrinni egallab turibdi.
Bugungi bellashuv har ikki jamoa uchun muhim. Negaki “Loko” ikkinchi oʻrinni saqlab qolish uchun kurashayotgan boʻlsa, buxoroliklar xavfli zonaga juda yaqin turishibdi. Shu bois ham bugun “Lokomotiv” stadionida qiziqarli toʻqnashuv kechishi kutilyapti.
“Loko” ushbu mavsum oʻz maydonida magʻlubiyatga uchragani yoʻq. 11 oʻyinda “temiryoʻlchilar” 8 gʻalaba va 3 durang qayd etishgan. Toʻplar nisbati 23-6. “Lokomotiv” ushbu mavsumda oʻz maydonida eng kam toʻp oʻtkazib yuborgan jamoa boʻlib turibdi.
“Lokomotiv”ning oxirgi toʻrt oʻyini durang natija bilan yakun topdi. Uyda “Buxoro”, safarda “Bunyodkor”, “Qoʻqon-1912” va “Qizilqum” jamoalari bilan 1:1 hisobi qayd etildi.
“Buxoro”ga kelsak, bu jamoa ikkinchi davra startidan beri faqat ikkita bellashuvda zafar quchdi. Buxoroliklar soʻnggi ikki turda muhim ochkolarni qoʻlga kiritdi. Jamoa “Nasaf” maydonida gʻalabaga erishgan boʻlsa, Toshkentda “Bunyodkor” bilan durang oʻynadi.
Eslatma: Birinchi davrada Buxorodagi bahsda “Lokomotiv” 2:0 hisobida gʻalabaga erishgan. Tomonlarning Toshkentda kechgan soʻnggi 5 bahsida quyidagi natijalar qayd etilgan.
2018. Ikkinchi bosqich. “Lokomotiv” – “Buxoro” 4:0
2018. Birinchi bosqich. “Lokomotiv” – “Buxoro” 3:1
2017. “Lokomotiv” – “Buxoro” 2:0
2016. “Lokomotiv” – “Buxoro” 3:1
2015. “Lokomotiv” – “Buxoro” 2:0
Toshkentda “Buxoro”ga qarshi boʻlib oʻtgan oxirgi beshta uchrashuvning hammasida “Lokomotiv” gʻalaba qozongan. “Buxoro” “Loko” maydonida oxirgi 5 oʻyinda ikkita gol kiritgan.