Futzal. Darvozabon “Lokomotiv”ga gʻalaba keltirdi

Xabaringiz bor, Jizzax shahrida futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining 2-tur oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda.

Yaqindagina “Lokomotiv” futzalchilari hamda Chirchiqning “Maksam-Chirchiq” jamoasi oʻrtasidagi bahs oʻz nihoyasiga yetdi. Juda qiziqarli kechgan uchrashuvda “temiryoʻlchilar” 3:2 hisobida gʻalaba qozonishdi.

Qizigʻi shundaki, oʻyin 2:2 hisobida yakuniga yetay deb turgan bir paytda oʻyinchi sifatida harakat qilgan “Loko” darvozaboni Abbos Elmurodov gol urib “temiryoʻlchilar”ga uch ochko keltirdi.

Bungacha esa Jamoliddin Sharipov bilan Farhod Abdumavlonov raqib darvozasiga toʻp kiritishga muvaffaq boʻlishgandi. Shunday qilib “Lokomotiv” futzalchilari Jizzaxda oʻtkazilgan 2-turning uchala bahsini ham gʻalaba bilan tugatishdi.

Quyida “Lokomotiv”ning birinchi va ikkinchi turdagi natijalarini yana bir bor keltirib oʻtamiz:

1-tur. Birinchi kun
“Lokomotiv” – AGMK 1:3

1-tur. Ikkinchi kun
“Lokomotiv” – “Buxoro” 4:2

1-tur. Uchinchi kun
“Lokomotiv” – “Dinamo” 4:1

2-tur. Birinchi kun
“Lokomotiv” – “Neftchi” 7:1

2-tur. Ikkinchi kun
“Lokomotiv” – “Nasaf“ 5:2

2-tur. Uchinchi kun
”Lokomotiv“ – ”Maksam-Chirchiq” 3:2