Bugun futbol. “Lokomotiv” – “Qoʻqon-1912”

Bugun Superliganing 7-turidan oʻrin olgan bitta uchrashuv boʻlib oʻtadi.

Turnir jadvalida 15 ochko toʻplab ikkinchi oʻrinda borayotgan “Lokomotiv” oʻz maydonida 13-oʻrinni egallab turgan “Qoʻqon-1912”ni qabul qiladi. Taqvim boʻyicha bu oʻyin aslida Qoʻqonda boʻlib oʻtishi lozim edi, biroq “Qoʻqon-1912”ning uy stadioni hali mavsumga toʻliq tayyor boʻlmagani bois uchrashuv Toshkentga koʻchirildi.

Bugun “Lokomotiv” mezbon sifatida oʻynaydi hamda ikkinchi davra uchrashuvini Qoʻqonda oʻtkazadi. “Lokomotiv” Superliganing oxirgi besh turida ketma-ket beshta gʻalaba qayd etdi va hozircha bu borada oʻziga xos rekord oʻrnatdi. Chunki hali hech bir klub qatorasiga beshta oʻyinda zafar quchgani yoʻq.

“Lokomotiv” bugun oʻz maydonida beshinchi oʻyinini oʻtkazadi. Bungacha boʻlib toʻrtta uchrashuvda “temiryoʻlchilar” navbati bilan “Navbahor” (1:0), “Andijon” (4:0), AGMK (2:1) va “Qizilqum”ni (3:1) magʻlub etishdi. Jamoa mana shu oʻyinlarda 10ta gol urib, oʻz darvozasidan ikkita toʻp oʻtkazib yubordi.

Bugungi bahs “Qoʻqon-1912” uchun safardagi beshinchi uchrashuv boʻladi. Shu paytgacha oʻtkazilgan 4ta oʻyinda qoʻqonliklar faqat bir marta gʻalaba qozonib, ikki bor magʻlubiyatga uchrashdi. Shuningdek bitta oʻyinda durang qayd etildi. “Qoʻqon-1912” Navoiyda “Qizilqum”ni magʻlub eta oldi. Lekin AGMK va “Metallurg”ga qarshi bellashuvlarda magʻlub boʻldi. “Qoʻqon-1912” yutqazgan ikki oʻyinida oʻz darvozasidan 10ta gol oʻtkazdi.

Bilasizmi? “Lokomotiv” ayni paytda Superligada eng koʻp gol urgan uchta jamoadan biri boʻlib turibdi. “Temiryoʻlchilar” 13 bor raqib darvozasini ishgʻol qilishgan.

Fakt: “Qoʻqon-1912” Superligada eng koʻp gol oʻtkazgan jamoa. Bu jamoa oʻz darvozasidan 14 marta toʻp olib chiqqan.