Andrey Miklyayev: “Lokomotiv” qayta tugʻilmoqda”

“Lokomotiv” — “Navbahor” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbon jamoa bosh murabbiyi Andrey Miklyayev ishtirok etdi.

– Muhim 3 ochkoni qoʻlga kiritdik, jamoa saviyasi koʻtarilmoqda, qayta tugʻilmoqda desak boʻladi. Buni Kopadzening kelishi bilan bogʻlay olamiz. Tushunib turibsiz, tarkibda yoshlar juda koʻp, jamoada avlodlar almashinuvi davri boʻlmoqda. Bugun xarakter koʻrsata olganimizdan xursandman, oʻyin bobida oʻsishga erishyapmiz, hisobni ham foydamizga oʻzgartira oldik. Yigitlarga rahmat demoqchiman, ular bugun yaxshi oʻynashdi, oʻyin oldidan kiyim almashtirish xonasida berilgan koʻrsatmalarga qattiq rioya qilishdi. “Andijon”ga qarshi oʻyindan keyin ushbu bahsga qattiq tayyorlandik, koʻrsatmalar ham bajarildi. Gʻalaba orqali turnir jadvalida biroz boʻlsa-da koʻtarildik, endi esa tepaga koʻtarilishda davom etish kerak. Buyogʻiga koʻproq ochkolar jamgʻarishga harakat qilamiz.

– Jamoa 90 daqiqa mobaynida tinmay pressing qildi. Murabbiylar shtabi futbolchilarning tez charchab qolishidan qoʻrqmadimi?

– Sizga 90 daqiqa tuyuladi, biroq bu juda qiyin. Agar oʻyinni diqqatlik bilan koʻrgan boʻlsangiz, dastlabki 15-20 daqiqa mobaynida raqiblarga qarshi jiddiy bosim uyushtirish vazifasini qoʻygandik. Buncha vaqt pressing qilishga bugun zaxiramiz ham torlik qilardi. Bugun turli sabablarga koʻra 6 futbolchimiz oʻynamadi. Bunga qadar zaxiramiz ham bunchalik tor boʻlmagandi, shu boisdan yoshlarga imkon berdik. Qancha pressing qilish kerak boʻlsa, shuncha ishladik. Kopadze juda quvvatchan inson, futbolchilarni oldinga undab, oxirigacha boshqarib turdi, raqiblar toʻp bilan boʻlib turgan paytida oʻylashga vaqt bermadik. Asosiysi, raqib yarim maydonida ham pressing qila oldik.

– “Navbahor” “Lokomotiv” uchun noqulay raqib hisoblanadi. Klubning moliyaviy holati yaxshilanganidan keyin jamoa yutishni boshladi.

– Klubning moliyaviy holati yaxshilanganini qayerdan bildingiz? Bu haqida hatto men hech nima bilmayman. Bizda moliyaviy holat doimo yaxshi boʻlgan. Muammo boʻlmagan, muammo bu pandemiya. Karantin davrida kimlardir mashgʻulot qildi, kimlardir qilmadi. Toshkentda koʻp muammo boʻldi, shahar yopilganida qiynaldik, koʻchaga chiqa olmadik. Bu muammo. Klubda esa moliyaviy tomonlama muammo boʻlmadi.

– Dilshod Komilovning oʻyiniga qanday baho berasiz?

– Yosh, iqtidorli futbolchi. Yoshlar tarkibimizdan asosiy jamoaga jalb qildik va imkon beryapmiz. Zoteyev, Hoshimov ketganidan keyin ular oʻynaydigan joylar boʻshab qoldi, ahamiyat bergan boʻlsangiz, ularning oʻrniga boshqa futbolchilar olib kelmadik. Yoshlar oʻyindan oʻyinga kuchaymoqda, jamoaga moslashmoqda. Bugun esa jamoadagi barchaga rahmat aytaman.

– Rahbariyat jamoa oldiga qanday vazifa qoʻygan?

– Ikki oʻyinni yutganimizdan keyin endi har bir oʻyinda maksimal ravishda harakat qilishda davom etamiz. Kapadze uchun ham men uchun ham klubning taqdiri muhim. Tarkibda koʻplab yulduz futbolchilar bor. Jamoa bunday holatda boʻlib qolmasligi kerak. Oʻyin bobida ham hisob bobida ham oldinga harakatlanishimiz kerak. Bugungi oʻyinda ham toʻp bir joyda turib qolmadi. Chiroyli oʻyin koʻrdik. Barchaga rahmat aytaman.