Dilshod Nuraliyev: “Futbolchilar bilan faqatgina bitta mashgʻulot oʻtkazdim”

“Paxtakor”ga qarshi oʻyindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Dilshod Nuraliyev oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

– “Paxtakor” juda kuchli oʻyin koʻrsatdi. Jamoamiz oʻyinga umuman tayyor emas. Yigitlar qoʻlidan kelganicha oʻynadi, bundan ortigʻi boʻlmaydi. Hozircha “Paxtakor”ga qarshi bundan ortiq yaxshi oʻynab boʻlmaydi. Tan olish kerak, “Paxtakor” jamoasi juda kuchli, ularni gʻalaba bilan tabriklayman. Jamoa boshqaruvini oʻz qoʻlimga olganimga koʻp boʻlmadi. Futbolchilar bilan faqatgina bitta mashgʻulot oʻtkazdim. U ham boʻlsa kecha, oʻyinoldi mashgʻulotda boʻldi. Iloji boricha jamoani yoshartirishga harakat qilyapmiz. Chunki klub rahbarlari shunday yoʻldan borishni maʼqul koʻrmoqda. Juda ogʻir davr boʻladi. Qoʻldan kelgancha jamoa holatini yaxshilashga harakat qilamiz.