Andrey Fyodorov: “Birinchi boʻlimni yaxshi oʻtkazdik”

Coca Cola Superligasi 10-turi doirasida AGMKga (3:1) qarshi oʻyindan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

– Oʻyin haqida gapirish qiyin. Ikki xil taymning guvohi boʻldik. Birinchi boʻlimda futbolchilar murabbiylar yuklagan koʻrsatmalarni bajara olishdi. Ikkinchi boʻlimda jarimadan urilgan gol esa barchasini oʻzgartirib yubordi. Golda oʻzimiz aybdormiz. Shuning ortidan tashabbus AGMK tomoniga oʻtib ketdi. Oʻzgarishlar orqali oʻyinni kuchaytirishni niyat qilgandik. Biroq bu umumiy holatni yomonlashtirib yubordi. Bizdagi eng katta muammo — tarkib. Kasallangan, jarohatdagilar koʻp. Shuningdek, asosiy futbolchilarimiz ham jamoani tark etishdi. Iloji boricha tezroq qaytishga harakat qilamiz.

– Ignatiy Nesterovning ketishi haqida gapirsangiz. Bu uning qarorimi yoki klubning?

– Oʻzining qarori. Umuman olganda futbolchining jamoasini oʻzgartirish futboldagi oddiy holat. U “Lokomotiv” uchun koʻp narsalar berdi va ketishga qaror qildi. Qarorni hurmat qilamiz. Uning ketishi bizga unchalik taʼsir qilmasa kerak. Kayfiyat unchalik yaxshi emas. Yigitlar kambek qilishga qiynalishmoqda. Bu borada ham ishlaymiz.

– Klub aktivlarini agentlik sotib olganini eshitdik. Bir necha klub bir agentlikning ixtiyorida boʻlishi OFK qaroriga zid. Umuman olganda klub hususiylashmoqda. Bunga fikrlaringiz.

– Klubning hususiylashishi juda yaxshi holat. Bunga roziman. Shu orqali klublarni ham kuchaytirish mumkin.