Professional futbol klublarga mashgʻulotlar oʻtkazishga ruxsat berildi

Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi sababli dunyoning koʻplab mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham futbol uchrashuvlari va mamlakat ichki chempionati toʻxtatilgan edi.

OʻzPFL yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda milliy chempionat bahslarini davom ettirish boʻyicha oʻz rejalarini ishlab chiqqani va buni Superliga klublari bosh murabbiylari bilan muhokama qilgani haqida oldinroq xabar bergan edik.

Bugun Respublika Maxsus Komissiyasi axboroti eʼlon qilindi va Sogʻliqni saqlash vazirligi, AOKA, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil qilingan Telegram kanalida professional futbol klublariga oʻz oʻquv mashgʻulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga ruxsat etilgani maʼlum qilindi.

Axborotda, shuningdek, futbol uchrashuvlarini 5-iyundan boshlab davom ettirish mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.

OʻzPFL bunga qadar Superliga oʻyinlarini 5-iyundan boshlab tiklash rejalarini ishlab chiqqandi. Biroq bu rejaga rasman ruxsat etilishi uchun bir necha kun kerak boʻldi. Shundan va klublarning mashgʻulotlarni toʻlaqonli boshlab ulgurmagani, qolaversa chempionat restarti oldidan futbolchilar oʻz formalarini tiklashi uchun biroz vaqt kerak ekanligidan kelib chiqib, Oʻzbekiston chempionati aynan qaysi sanadan start olishi boʻyicha alohida maʼlumot beriladi.

Respublika Maxsus Komissiyasining mazkur qarori futbolimiz jamoatchiligi uchun juda quvonchli xabar boʻldi. Ayni vaqtda biz uchun eng muhimi – endilikda mashgʻulotlarni rasman davom ettirish mumkin. Uzoq vaqt amaliyotsiz qolgan futbolchilar oʻz formasini tiklab olmasdan turib oʻyinlarga kirishsa, tabiiyki, jarohatlar ham avj oladi. Shu sababdan rasmiy uchrashuvlarning aynan qachondan davom ettirilishi borasida OʻzPFL alohida maʼlumot beradi.