🇺🇿 Ignatiy Nesterov – mutlaq rekordchi!

Karantin paytida yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib Ignatiy Nesterov haqida qiziqarli maqolani taqdim etamiz.

“Lokomotiv”ning asosiy darvozaboni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida Osiyo Kuboklarida maydonga tushish boʻyicha mutlaq rekordchi hisoblanadi. Gap shundaki, Nesterov qatorasiga 5ta Osiyo Kubogida ishtirok etgan qitʼadagi yagona futbolchi. 👇

Boshlanish

✅ Ignatiy Nesterovning dastlabki Osiyo Kubogi 2004-yil Xitoyda boʻlib oʻtgan musobaqaga toʻgʻri keladi. Oʻshanda Yurgen Gede va Ravshan Haydarov boshchiligidagi murabbiylar shtabi 21 yoshli Ignatiyni ikkinchi darvozabon sifatida olib ketishgandi.

✅ Nesterov bu turnirda faqat bitta oʻyinda maydonga tushgan. Guruh bosqichining oxirgi turida Turkmaniston bilan kechgan bahsda Yevgeniy Safonovga dam berilgani bois termamiz darvozasini Nesterov qoʻriqlagandi. Bu oʻyinda vakillarimiz 1:0 hisobida zafar quchgan.

✅ Chorak finalda Bahrayn bilan kechgan bahsda yana Safonov darvozada turgan va oʻyin 2:2 hisobida yakun topib penaltilar seriyasida omad bahraynliklarga kulib boqqanini yaxshi bilasiz.

Inileyev bildirgan ishonch

✅ OFK keyingi Osiyo Kuboklarini toq yillarda oʻtkazish masalasini koʻrib chiqadi. Shu-shu 2007-yildan beri musobaqa toq yilda oʻtkazib kelinyapti. Nesterov 2007-yilgi musobaqaga ham ikkinchi darvozabon sifatida borgandi.

✅ Eron bilan kechgan birinchi oʻyinda bosh murabbiy Rauf Inileyev Pavel Bugaloni asosiy tarkibga kiritgan. Lekin yutqazib qoʻyganimiz uchunmi yoki Bugaloning xatosi tufaylimi keyingi oʻyinlarda Nesterov darvozani qoʻriqlay boshlaydi.

✅ Natijada yana uch yoshga ulgʻaygan Nesterov terma jamoamizning qolgan uchta oʻyinida maydonga tushib oʻzini koʻrsatishga muvaffaq boʻldi. Umuman olganda, uchta bellashuvda oʻz darvozasidan atigi bitta gol olib chiqqani eʼtiborga molik.

🇺🇿 Ignatiy Nesterov Osiyo Kubogi-2007da 3ta oʻyin oʻtkazgan

⚽️ Guruh bosqichi. Malayziya – Oʻzbekiston 0:5
⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Xitoy 3:0
⚽️ 1/4 final. Saudiya Arabistoni – Oʻzbekiston 2:1

Esda qolgan turnir

✅ Aksar muxlislar eng yaxshi Osiyo Kubogi sifatida 2011-yil Qatar maydonlarida oʻtgan musobaqani eslaydi. Vadim Abramov boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi juda chiroyli oʻyin koʻrsatgan holda yakunda 4-oʻrinni egallagandi va bu hozirgacha Osiyo Kuboklaridagi eng yaxshi natijamiz boʻlib turibdi.

✅ Ignatiy Nesterov bu paytga kelib ancha tajriba toʻplab qoʻygan, shu bois musobaqaga asosiy darvozabon sifatida yoʻl olgandi. Terma jamoamiz Osiyo Kubogi-2011da oltita oʻyin oʻtkazgan boʻlsa, shundan beshtasida Nesterov darvozani qoʻriqlagan.

🇺🇿 Ignatiy Nesterov Osiyo Kubogi-2011da 5ta oʻyin oʻtkazgan

⚽️ Guruh bosqichi. Qatar – Oʻzbekiston 0:2
⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Quvayt 2:1
⚽️ Guruh bosqichi. Xitoy – Oʻzbekiston 2:2
⚽️ 1/4 final. Oʻzbekiston – Iordaniya 2:1
⚽️ 3-oʻrin uchun. Janubiy Koreya – Oʻzbekiston 3:2

Oxirgi ikkita musobaqa

✅ 2015-yil Avstraliya va 2019-yil BAA yashil maydonlarida oʻtkazilgan Osiyo Kuboklarida ham Ignatiy Nesterov terma jamoamizning birinchi raqamli posboni sifatida ishtirok etdi. U har ikki turnirda yana oʻzini koʻrsata oldi.

✅ Oʻtgan yil BAAda oʻtkazilgan musobaqa uning uchun beshinchisi boʻldi va shu munosabat bilan Ummonga qarshi bahs oldidan OFK tomonidan taqdirlandi. Nesterov shu paytgacha Osiyo Kuboklarida 17 uchrashuvda ishtirok etib, oʻz darvozasidan 15ta toʻp oʻtkazib yuborgan.

🇺🇿 Ignatiy Nesterov Osiyo Kubogi-2015da 4ta oʻyin oʻtkazgan

⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – KXDR 1:0
⚽️ Guruh bosqichi. Xitoy – Oʻzbekiston 2:1
⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni 3:1
⚽️ 1/4 final. Oʻzbekiston – Janubiy Koreya 0:2

🇺🇿 Ignatiy Nesterov Osiyo Kubogi-2019da 4ta oʻyin oʻtkazgan

⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Ummon 2:1
⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Turkmaniston 4:0
⚽️ Guruh bosqichi. Oʻzbekiston – Yaponiya 1:2
⚽️ 1/8 final. Avstraliya – Oʻzbekiston 0:0 (penaltilar seriyasi 4:2)