📆 Tarixda bugun. “Lokomotiv” – “Al Ittihod” 1:1

Oʻtgan yil 22-aprel kuni “Lokomotiv” oʻz maydonida Saudiya Arabistonining “Al Ittihod” klubini qabul qilgandi. 👇

Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi 4-turidan oʻrin olgan mazkur bahsda 1:1 natijasi qayd etilgan. “Loko” bu oʻyingacha bir marta gʻalaba qozonib, ikki bor yutqazib qoʻygan, shu bois saudiyaliklarga qarshi bahs muhim ahamiyatga ega edi.

Lekin “temiryoʻlchilar” harqancha harakat qilmasin, bellashuvda zafar qucha olishmagan, oʻyin 1:1 natijasi bilan tugagandi. Avvaliga “Al Ittihod” futbolchisi Romarinyo hisobni ochgan, uning goli 12-daqiqaga toʻgʻri kelgandi.

36-daqiqaga kelib “Loko” hisobni tenglashtirgan va bu vaziyatda Temurxoʻja Abduxoliqov oʻzini koʻrsatgandi. U Jamshid Iskanderov yetkazib bergan jarima toʻpini golga aylantirgan. Ehtimol, “temiryoʻlchilar” shu kuni gʻalaba qozonishlari ham mumkin edi, biroq 75-daqiqada Islom Toʻxtaxoʻjayev qizil kartochka olib maydonni tark etgandi.

Yana bir maʼlumot, bu oʻyindagi harakatlari uchun jamoamiz darvozaboni Javohir Ilyosov OFK eʼtiborini tortib, Osiyo chempionlar ligasi 4-tur ramziy terma jamoasidan oʻrin olgandi. Jamoa bosh murabbiyi Andrey Fyodorov esa oʻsha oʻyindan keyin shunday degan:

– “Oʻyindan qoniqdim. Bir hafta ichida uchinchi marta maydonga tushdik. Ikkinchi boʻlimni faol boshlagandik, afsuski qizil kartochka rejalarimizni oʻzgartirib yubordi. Lekin mana shunday bahslar koʻproq boʻlishi kerak, shundagina jamoa shakllanib boradi”.

OCHL. Guruh bosqichi, 4-tur. 22.04.2019

“Lokomotiv” (Oʻzbekiston) – “Al Ittihod” (Saudiya Arabistoni) 1:1

Gollar: Temurxoʻja Abduxoliqov (36) – Romarinyo (12).

“Lokomotiv”: Javohir Ilyosov, Oleg Zoteyev, Islom Toʻxtaxoʻjayev, Anzur Ismoilov, Davron Hoshimov, Yovan Jokich, Diyor Turopov, Jamshid Iskanderov, Arslanmirat Amanov, Sardor Mirzayev, Temurxoʻja Abduxoliqov.

Zaxiradan tushganlar: Filipp Rayevas, Husniddin Gʻofurov, Igor Yelich.

Bosh hakam: Fu Ming (Xitoy).