2018-yilning 21-aprel kuni “Lokomotiv” oʻz maydonida “Soʻgʻdiyona”ni qabul qilib 2:0 hisobida gʻalaba qozongandi. 👇
👉🏿 Oʻsha uchrashuvda ikkinchi golni urgan Sanjar Shoahmedov bahs qanday kechganini yodga oldi. Maʼlumki, hozirda Shoahmedov oilasi bilan Malayziyada istiqomat qilyapti U bilan internet orqali bogʻlandik.
– “Bu uchrashuvni yaxshi eslayman. Juda qiyin oʻyin boʻlgandi. Esimda, birinchi golni Sardor Rashidov urgan, keyin esa uning toʻp uzatishidan soʻng men toʻp kiritgandim. Oʻsha bahsda ”Soʻgʻdiyona“ jiddiy qarshilik koʻrsatganini eslay olaman”.
– “Urgan golim haqida gapiradigan boʻlsam, Sardor Rashidov toʻp uzatgach darvozabon bilan birga bir chiqib borib gol urganman. Oʻshanda qarshi hujum jamoamizga foyda keltirgandi”.
Shoahmedov shuningdek Malayziyadagi holat haqida gapirdi.
– “Hamma joyda boʻlgani kabi bu yerda ham karantin. Uydan deyarli chiqayotganimiz yoʻq. Faqat zarur boʻlsagina koʻchaga chiqyapman. Har kuni uyda oʻzim individual shugʻullanib turibman. Menimcha, jamoaviy mashgʻulotlarga keyinroq kirishsak kerak”.
– “Buyogʻiga Ramazon oyi ham yaqinlashib qoldi, Malayziyada roʻzaga juda jiddiy qarashadi. Balki roʻzadan keyin oʻyinlarni oʻtkazishimiz mumkin”, – deydi faoliyatini “Terengganu” klubida davom ettirayotgan yarim himoyachi.