Rifat Akramxoʻjayev: “Asosiy maqsad yaxshi futbolchilarni tarbiyalab berish“

“Lokomotiv“ U-18 jamoasiga bosh murabbiy etib Rifat Akramxoʻjayev tayinlandi. Bu yil ham PFL tomonidan Respublika U-18 birinchiligi tashkil etiladi.

Faqat avvalgi ikki yilda oʻtkazilgan musobaqadan farqli oʻlaroq bu yilgisi Superliga va U-21 yoshlar ligasi bilan birgalikda parallel ravishda olib boriladi.

Yaʼni Superliga uchrashuvlaridan bir kun oldin jamoalarning oʻrinbosarlari oʻyin oʻtkazsa, ikki kun oldin U-18 jamoalari oʻzaro maydonga tushishadi. Rifat Akramxoʻjayev “Lokomotiv“ U-18 jamoasining mavsumga tayyorgarligi haqida gapirib berdi.

Tayyorgarlik haqida

– Yangi mavsumga tayyorgarlikni 6-yanvardan boshladik. Hammasi reja boʻyicha olib borildi. Bir nechta oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazib shu orqali futbolchilarni tekshirib oldik. 26-fevral kuni “Andijon“ga qarshi bahs bilan mavsumni boshlaymiz. Oʻylaymanki, ushbu mavsumda jamoamiz oʻzini koʻrsata oladi.

“Bunyodkor“ U-18ga qarshi kechgan oʻrtoqlik oʻyini haqida

– Oʻyin yaxshi oʻtdi. Futbolchilar imkoniyatlardan foydalanib raqib darvozasiga uchta toʻp kiritishdi. Lekin nazorat bahsida baribir asosiy eʼtibor oʻyinchilarni tekshirib olishga qaratilgan boʻladi. Muhimi rasmiy bellashuvlarda oʻzimizni qanchalik koʻrsata olishimizda.

Tarkib haqida

– Tarkibdan koʻngil toʻq. 9-dekabrdan “Lokomotiv“ U-21 jamoasi uchun seleksiya ishlarini boshlagandik. Keyin U-18 uchun yaxshi futbolchilarni taklif eta boshladik. Viloyatlardan oʻzimizga maʼqul kelgan yoshlarni safimizga jalb etdik.

“Lokomotiv“ U-18 oldiga qoʻyilgan vazifa haqida

– Albatta, biz ham chempion boʻlishga va har bir oʻyinda oʻzimizni koʻrsatishga harakat qilamiz. Hammaga yaxshi maʼlum, “Lokomotiv“ oʻz oldiga faqat yuqori maqsadlarni qoʻyib keladi. Lekin oʻz navbatida biz uchun eng muhimi asosiy tarkibga munosib futbolchilarni yetkazib berish va bu yoʻlda yeng shimarib ishlaymiz.