Temurxoʻja Abduxoliqov: “Hozircha hammasi ajoyib”

Jamoamiz hujumchisi Temurxoʻja Abduxoliqov yangi mavsum oldidan oʻz fikrlarini bildirdi.

– “Mashʼal” bilan kechgan oʻrtoqlik uchrashuvi haqida fikringiz?
– Bu oʻyin ham mavsumga tayyorgarlikning bir qismi boʻldi. Maydonda yaxshi kurash kechdi. Gʻalaba qozonganimizdan xursandmiz.

– Kiritgan golingiz haqida?
– Qulay vaziyat yuzaga keldi va bundan foydalandim. Gol urishim kerak boʻlgan vaziyat edi, agar urolmaganimda gapirsa boʻlardi.

– Jamoaning mavsumga tayyorgarligi qanday boʻlyapti?
– Hammasi yaxshi. Tez-tez oʻrtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushyapmiz. Oʻylaymanki, chempionat start olganidan keyin oʻzimizni koʻrsatamiz. Oʻrtoqlik oʻyinlari bilan rasmiy bahslarning farqi bor. Superliga uchrashuvlariga yana-da koʻtarinki kayfiyatda chiqamiz.

– “Mashʼal” haqida nima deya olasiz?
– “Mashʼal” bu yil yana Superligaga qaytdi. Oʻylaymanki, bu jamoa chempionat davomida oʻzini koʻrsatadi.

– Superliga qurʼasi haqida nima deysiz?
– Endi bu qurʼa, baribir hamma jamoalar bilan qachondir oʻynaymiz, chempionat boshidami yo oxiridami. Lekin mavsumni uyda boshlashimiz yaxshi deb oʻylayman.

– Oʻzingiz yangi mavsumga qanchalik tayyorsiz?
– Hozircha hammasi ajoyib. Oʻyinlar boshlansin, koʻramiz nima boʻlishini.