Ushbu mavsum boshlanish arafasida “Lokomotiv” yosh iqtidor egasi, ajoyib futbolchi Kamron Saidazimov bilan shartnoma imzoladi.
Kelajakning mevasi sifatida qaralayotgan yarim himoyachi bugun oʻzining tugʻilgan kunini nishonladi. U 21 yoshga qadam qoʻydi. Shu boisdan biz futbolchini suhbatga tortdik.
– Kamron tugʻilgan kuningiz bilan tabriklaymiz. Xoʻsh, oʻziga xos “koridor”dan oʻtishda qiynalmadingizmi?
– Qiyin boʻldi. Koridordan keyin yurishga biroz qiynaldim. Tepkilarning ogʻrigʻi oʻtib ketdi (kuladi).
– Xoʻsh, “Lokomotiv” tarkibiga qoʻshilishingiz qanday boʻldi?
– Soʻnggi yillarda “Lokomotiv” oʻzining natijalari orqali yuqori marralar sari odimlayotganini koʻrdik. Jamoa ketma-ket chempionlikni nishonladi. Shuningdek, jamoaning tarkibi ham ajoyib koʻrinishga ega. OCHLda ham “Lokomotiv” muntazam tarzda ishtirok etib kelayotgandi. Shunday klubdan taklif tushsa, hech kim yoʻq demasa kerak. Klub bosh direktori oʻrinbosari Toʻlabek Akramov qoʻngʻiroq qilib, “Lokomotiv”ga oʻtishga chorladi. Oʻylab ham oʻtirmay rozilik berdim. Klubning ambitsiyalari yuqori. Shu boisdan bu yerda yosh futbolchilar anchagina oʻsishga erisha oladilar.
– “Lokomotiv”ning shunday tarkibi bilan raqobatlashib, asosiy tarkibga kira olishga ishonasizmi?
– Ha, albatta. Raqobat bor joyda doimo oʻsish boʻladi. Oʻsish bormi, demak, barcha odam ishonch bildira boshlaydi. Maqsadim — “Lokomotiv”ning asosiy futbolchisiga aylanish va jamoaga foyda keltirish.
– Bu yerga kelishingizdan oldin “Lokomotiv”ni qanday tasavvur qilgandingiz va bu qanchalik oʻzini oqladi?
– “Lokomotiv” — orzuyimdagi klub. Bu yerga kelib, jamoa ahil ekanligini bildim. Futbolchilar nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham doimo bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi. Akalar ukalardan yordamini ayamaydi. “Lokomotiv”ning shunday oilasi aʼzosiga aylanganimdan baxtiyorman.
– Qaysi jamoaga va qaysi futbolchiga muxlislik qilasiz?
– Yoshligimdan “Barselona”ga muxlislik qilaman. Shuningdek, doimo oʻz oʻyinlari bilan muxlislarni xursand qilib kelgan Andres Inyesta kabi boʻlishni istayman. Doimo undan namuna olaman.