“Lokomotiv” va “AF Sports Reactive” oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi

Har jabhada professionallik sari intilayotgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi bundan buyon dunyoga mashhur boʻlgan Germaniyaning “AF Sports Reactive” kompaniyasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Bugun “Lokomotiv” stadioni matbuot anjumanlari zalida ikki tomon oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda “Lokomotiv” PFK bosh direktor oʻrinbosari Toʻlabek Akramov, jamoamiz sardori Islom Toʻxtaxoʻjayev, “AF Sports Reactive” kompaniyasi rahbari, yuridik fanlari nomzodi Farid Zakirov va shuningdek bir qator OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda har ikki tomon vakillari ham ushbu hamkorlikning oʻzaro manfaatli ekanini taʼkidlashdi.

photo_2019-06-17_10-15-47

“Lokomotiv” PFK bosh direktor oʻrinbosari Toʻlabek Akramov “AF Sports Reactive” bilan hamkorlik “Lokomotiv” jamoasi oʻyinlari targʻibotini yanada kuchaytirish hamda klub brendini yanada kengroq yoyish imkonini berishini aytib oʻtdi. “AF Sports Reactive” kompaniyasi rahbari Farid Zakirov esa futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempioni bilan yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyilayotganidan juda mamnun ekanini bildirdi.

Tadbir yakunida har ikki tomon oʻzaro hamkorlik xususida memorandum imzolashdi. Unga koʻra, endilikda “AF Sports Reactive” “Lokomotiv” bilan hamkorligi doirasida barcha toifadagi futbolchilarga horijdan jamoalar qidirish, ularning oʻrtasida vositachi boʻlish, shuningdek, futbolchilarning huquqlarini yuridik tomondan himoya qilish ishlari bilan shugʻullanadi.

photo_2019-06-17_10-16-47

Qayd etish kerak, bu kompaniya jahonga mashhur boʻlgan koʻplab top-jamoalar bilan hamkorlik qiladi. Bu “Lokomotiv” klubining oldinga tashlagan qadami deb aytsak boʻladi.