Aleksandr Stoymirovich: “Uchrashuvning dastlabki 15 daqiqaligida o’zimiz istagan o’yinni namoyish qila oldik”

Superliganing 1-turi doirasida “Metallurg”ga qarshi o‘yindan keyin jamoamiz katta murabbiyi Aleksandr Stoymirovich matbuot anjumanida qatnashdi.
– Barchaga salom. O‘yin haqida nima deyish mumkin… Avvalo dam olib, keyinchalik ko‘rib, taxlil qilish kerak. Hozir yonib turgan miya bilan biror nima deyish ham qiyin. Shuni aytishim mumkinki, “Lokomotiv” yangi loyiha boshlagan, bu jamoaning mashg‘ulot jarayonlariga ham, yoshlarning yetishib chiqishiga ham taalluqli. Bugun ham yoshlarni maydonga tushirdik. Uchrashuvning dastlabki o‘n besh daqiqaligida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida shakllantirilgan o‘yin uslubini ko‘rsata oldik, yig‘inning so‘ngiga qadar biz yuqori darajaga chiqib kelayotgandik. “Turan” va “Kuban”ga qarshi yuqori darajada o‘yinlar o‘tkazdik. So‘nggi o‘yinda 3ta gol ham urdik, bular asosan pozision hujumlardan keyin kiritildi. “Metallurg” bugun yaxshi harakat qilishini bilgandik. Turkiyada ularning “Jetisu” hamda “Orenburg”ga qarshi o‘yinlariga bordik. Futbolchilar shakllangan o‘yin uslubiga ega va qanday sxemada harakat qilishlarini yaxshi bilishadi. Shuningdek, ular bu o‘yinga bir oy davomida tayyorlanishdi. Tushunarsiz tomoni shundaki, birinchi goldan keyin biz himoyalanishni boshladik. Rejamiz unday emasdi. Oldinga chiqishimiz va hujum qilishimiz kerak edi. Chunki himoyada yotish uchun bahonamiz bo‘lmagandi. “Metallurg” uzun paslari va havodagi to‘p uchun kurashlarda bizga katta muammolar keltirishini bilgandik. Chunki biz kichik paslar orqali o‘ynaymiz. Raqiblar bugun maydon markazida bizdan kuchli ko‘rinishdi. Bularning barchasini bilgandik. Shunda ham ortda qolish uchun sababimiz yo‘q edi. Shunday bo‘lib qoldi. Bunday paytda yigitlarning o‘zi o‘yin davomida barchasini taxlil qilishi va o‘yinni to‘g‘ri tashkil qilayotganini tushunib turishi kerak. Lekin biz o‘zimiz istagan o‘yin uslubimizgacha yetib bora olmadik, biz o‘yin davomida ko‘p pas o‘ynay olmadik, pozision hujumlar uyushtira olmadik. Shu orqali ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashlar ko‘paydi. “Metallurg” bilan ruhiy o‘yin bo‘lishini ham tushunib turgandik va bugungi o‘yinga ruhan tayyor emasdik. O‘tkazib yuborgan gollarimizda ham qo‘pol xatolar qildik.
“Metallurg”ni, hamkasbim Veskoni 1 ochko bilan tabriklayman. Uning jamoasi yaxshi, jamoasini o’yinga yaxshi tayyorlabdi. O‘yinni taxlil qilamiz, barchasini ko‘rib chiqamiz va faqatgina oldinga harakat qilamiz. “Olimpik”ka qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz.