Denis Korostichenko: “Futbol o’ynashni istaydigan raqiblarga qarshi o’ynash qiziqarli bo’ladi”

Pro-liganing 2023-yilgi mavsumi so’nggi turi doirasida “Navbahor-Farm”ga qarshi o’yindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko fikrlarini bildirdi.

– Ilk navbatda muxlislarni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Gap yo‘q, ular bugun yaxshi o‘ynashdi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Bizda ham, raqiblarda ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Omadimiz kelib, uchta gol urdik. Ikkinchi bo‘limda esa ikki tomon ham yaxshi o‘ynadi. Raqiblar yana gol urishlari mumkin bo‘lgandi. Shunday o‘yin namoyish qilganlari uchun yigitlarga rahmat aytaman. Umuman olganda, g‘alabaga loyiq edik.

– Pro-liga musobaqalari qanday o‘tdi? Liga haqida taassurotlaringiz.
– Oldin ham aytdim, oson bo‘lmadi. Har xil jamoalarga qarshi o‘ynadik. Ba’zi jamoalar yaxshi himoyalansa, ayrimlari hisobni ushlab tura olar ekan. Ba’zi jamoalar esa futbol o‘ynashni istashdi va shunga yarasha harakat qilishdi. Albatta, bunday jamoalarga qarshi o‘ynash qiziqarli bo‘ladi. Chunki o‘yinlar ham ochiq kurashlar ostida o‘tadi, vaziyatlar ko‘proq yaratiladi. Kimlardir himoyaviy o‘yinni ma’qul ko‘rdi. Shu sababli barchasi oson o‘tdi deb bo‘lmaydi. Og‘ir o‘yinlar ham bo‘ldi. Asosiysi – vazifa bajarildi.

– Jamoa Superligaga qaytdi. Klub jamoa oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan? Rejalar qanday?
– Bugnu so‘nggi o‘yinni o‘tkazdik. Rahbariyatdagilar ushbu o‘yindan keyin majlis bo‘ladi, unda hamma narsa ma’lum qilinadi, deb aytishdi.

– Ushbu mavsum Pro-ligada 11ta jamoa bo‘ldi. Bu futbolchilarning o‘yin amaliyotiga kamlik qilmaydimi?
– To‘g‘ri. Noyabr boshlanmasidan mavsum yakunlandi. Endi ikki oy davomida rejalar tuzamiz. Albatta, o‘yinlar juda kam va bu ko‘proq bo‘lishi kerak edi deb o‘ylayman. Balki uchta davrali qilish kerakdir yoki o‘tgan yili 1dan 6-o‘rinni olganlar yana o‘zaro o‘yinlar o‘tkazishlari kerak bo‘lgandi. O‘shanda jamoalar 30tadan o‘yinlar o‘tkazishdi. Balki keyingi yilga o‘yinlar qo‘shilar.

– Ushbu mavsumdagi eng qiyin o‘tgan 2 o‘yin.
– “Aral” maydonidagi o‘yin qiyin o‘tdi. Ikkinchi davrada “Dinamo” safaridagi bahs.