Sherzodjon Komilov: “Mavsumni chempion sifatida yakunlamoqchimiz”

Jamoamiz yarim himoyachisi Sherzodjon Komilov birinchi davra haqida qisqacha to’xtalib o’tdi.

– Birinchi davra yaxshi o’tdi. Asosiysi – biror marta mag’lub bo’lmaganimiz va barcha bahslarda ochko olganimiz. Bizning oldimizga aniq maqsad va vazifa belgilab berilgan. Bu yo’lda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilyapmiz.

– Ikkinchi davradan nimalar kutyapsiz?
– Boshqa jamoalar ham borini berib kurashishi aniq. Ammo biz mavsumni chempion sifatida yakunlamoqchimiz. O’yinlar soni ko’p emas, shu sababli barcha uchrashuvlarda yuqori kuch bilan o’ynay olamiz va ularda faqatgina g’alaba uchun maydonga tushamiz.

– Birinchi davradagi eng yaxshi o’yiningiz?
– Samarqandda “Yunired”ga qarshi o’yin. O’yinning birinchi taymida bitta gol urdik, ammo raqib posti tomon juda ko’p zarbalar berdik. Ikkinchi bo’limda esa asosiy maqsadimizga erishdik. O’shanda nafaqat men, balki, butun jamoa o’zini yaxshi ko’rsata olgandi.