Denis Korostichenko: “Ikkinchi davra birinchisidan ham zo‘r o‘tadi”

Pro-liganing 11-turi doirasida “Navbahor-Farm” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

– Ilk navbatda, barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Nihoyat, birinchi davrani yakunladik. Kutganimizdek, davrani birinchi o‘rinda tugatdik. Bugungi o‘yinda ilk daqiqadayoq gol urildi. Albatta, bu holatdan keyin yanada ko‘proq gollar urib olishimiz mumkin edi. Biroq raqib o‘zini ko‘rsata oldi va biz bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Yana bir marta aytaman “Yunired”, “Navbahor-Farm” kabi jamoalar futbol o‘ynashga harakat qilishmoqda. Balki chiroyli emasdir, ammo ular to‘g‘ri yo‘nalishda ishlashmoqda. Raqibga bosim uyushtirishga harakat qilishyapti, paslar o‘ynashmoqda. Himoyada yotib olib, natijani ushlab qolish uchun o‘ynashmayapti. Bugun ikki tomonga ham to‘p juda ko‘p bordi, ikki darvoza oldida vaziyatlar bo‘ldi. Natijada futbolchilar tezda charchab qolishdi. Balki shu sabablidir, o‘yin oxirigacha bosimga boy o‘yin bo‘ldi. “Navbahor-Farm”da ham yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi, biz ham hisobdagi farqni oshirishimiz mumkin bo‘lgandi. Darvozabonimiz ham ishonchli o‘yin namoyish qildi. Balki kichik hisobdadir, ammo natijani qo‘lga kiritdik. Barchaga rahmat aytaman. Yigitlar oxirigacha harakat qilishdi va davrani g‘alaba bilan yakunlashdi.

– Birinchi davra yakunlandi, kelgusi rejalar qanday bo‘ladi?
– Hozir biroz dam olamiz va keyinchalik yigitlar individual mashg‘ulotlarni boshlaydi. Futbolchilarga maxsus dastur taqdim qilingan, ular shu yo‘sinda ta’tilda tayyorlanib borishadi. Keyin esa Toshkentda yig‘inlarni boshlab, 10-12 kunlik mashg‘ulotlardan keyin tog‘da yig‘inlarni davom ettiramiz. U yerdan qaytib, ikkinchi davraga tayyorgarlikni o‘zimizda olib boramiz.

– Fikringizcha, ikkinchi davra qanday o‘tadi?
– Menimcha, ikkinchi davra hozirgidan ham kuchli bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘p jamoalar transferlar oynasi vaqtida tarkibini kuchaytiradi. Barcha jamoalar bir-biri bilan o‘ynab oldi va raqiblarining qanday holatda ekanligini bildi. Endi ular barchasini hisobga olgan holda ikkinchi davraga ko‘proq kuch tashlaydi. Biz esa bo‘shashmasligimiz va oxirigacha shu zaylda ishlashimiz kerak.

– Ikkinchi davradan oldin tarkibda ketadigan-keladigan futbolchilar bo‘ladimi?
– Hozircha biz bu borada ishlayapmiz va tarkibga olib kelinishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni kuzatyapmiz. Tarkibdagi futbolchilar bizni qoniqtirmoqda. Masalan, biz tarkibga faqatgina mahalliy futbolchilarni olib kelishimiz mumkin. Chunki legionerlar limitidan to‘laqonli foydalanganmiz va ularning tarkibda qolishi aniq. Ketadiganlar yo‘q. Ko‘ramiz, balki ikkinchi davrada bir qancha o‘zgarishlar bo‘lar.

– O‘yindan tashqari savol: bugun YeCHL finali bo‘ladi va qaysi jamoaga muxlislik qilasiz, qaysi jamoaning yutishini istaysiz?
– Aytish qiyin. Menimcha, favorit “Manchester Siti” bo‘ladi. Chunki jamoa juda yuqori darajadagi o‘yinni namoyish qilmoqda. Balki, ayni damda dunyoning eng yaxshilaridan biridir. Biroq “Inter” ham yaxshi tarkibga ega. Bu final. Hech kim osonlikcha g‘alaba qozona olmaydi. Final uchun jamoalar yaxshi kayfiyatda tayyorlanadi. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. “Siti” g‘alaba qozonsa kerak deb o‘ylayman, biroq “Inter”ning g‘alabasini istayman.