Pro-liganing 10-turi doirasida “Yunired” maydonidagi g‘alabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko o‘z fikrlarini bildirdi.
– Ilk navbatda jamoadagilarni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin bobida nima ham deyishim mumkin. Dastlabki 20 daqiqalikdayoq bahs taqdirini hal qilishimiz kerak edi. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik va ulardan foydalanishimiz kerak edi. 20-daqiqadan keyin o‘yinimizda pasayish ko‘rindi, yigitlar tempni biroz pasaytirishdi, shu sababli raqiblarda bir qancha vaziyatlar paydo bo‘lishni boshladi va ishonchliroq o‘yin ko‘rsatishdi. Ikkinchi bo‘limda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish orqali ishni g‘alaba bilan yakunlay oldik. Zaxiradan tushgan futbolchilar ham o‘yinni kuchaytirishdi. Ikkinchi bo‘limda anchagina kuchli o‘yin ko‘rsatdik va adolatli g‘alaba qozondik, deya olaman. Shuningdek, yana bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak. So‘nggi ikki o‘yin tug‘ilgan kunlarga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan safargi g‘alaba orqali Mirko Yelichichga sovg‘a tayyorlagandik. Bu safargi g‘alabani esa klubimiz bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramovga bag‘ishlaymiz. Bu g‘alaba ular uchun kichkinagina sovg‘a bo‘ladi.
– “Yunired” yangi tashkil topgan jamoa. Ushbu jamoa sizda qanday taassurot qoldirdi.
– O‘z navbatida “Yunired” klubi bosh direktoriga ham minnatdorlik bildiraman. O‘yindan keyin u inson bizni chiroyli o‘yin bilan tabrikladi. Bu biz uchun ham yoqimli. Jamoa yosh, endi tashkil topmoqda. Shu sababli ularga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. “Yunired” yomon jamoa emas, futbolchilar harakat qilishmoqda, yaxshi o‘ynamoqda. Ular aynan futbol o‘ynashni istayotgani va shunga harakat qilayotgani odamni xursand qiladi. Boshqa jamoalar yopilib olishi, himoyaviy o‘yin ko‘rsatishi, natija uchun o‘ynashi ham mumkin. Ushbu jamoa esa paslar, kombinasiyalar orqali o‘yin ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Raqibga bosim ham uyushtirmoqda. Bu jamoa menga yoqdi.
– “Lokomotiv” biroz muddatdan keyin ushbu stadionga qaytadi va “Dinamo”ga qarshi o‘ynaydi. Ushbu stadion sizga ma’qul keldimi? Navbatdagi o‘yingacha nimalarnidir to‘g‘rilash kerakmi?
– 25 may kuni stadionda qandaydir tadbir o‘tkazilishini oldindan bilardik, balki, bu so‘nggi qo‘ng‘iroq bo‘lishi ham mumkin. Kecha kechqurun bu yerga yetib kelganimiz uchun nimalar bo‘lganini ko‘rmadik. Balki maydon holati yanada yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. O‘t ozgina o‘sgan, uni biroz o‘rish kerak edi. Umuman oladigan bo‘lsam, maydon sifati o‘tgan yilgidan ko‘ra sezilarli yaxshilangan. O‘yinlar o‘tkazish uchun yaxshi holatga kelgan. Balki keyingi o‘yin oldidan maydon o‘tini o‘rishsa, yanada yaxshiroq bo‘lardi.