🚂 “Lokomotiv” PFK yirik kompaniya bilan homiylik shartnomasi imzoladi

👉 O‘z oldiga doim yuqori maqsadlarni qo‘yadigan “Lokomotiv” professional futbol klubi bugun, 15-aprel kuni yurtimizdagi eng yirik kompaniyalardan biri BMB Trade Group bilan titul homiylik shartnomasi imzoladi. 👇

👉 2017-yilning 4-aprel sanasida tashkil etilgan ushbu kompaniya o‘tgan 5 yil mobaynida Respublikamiz hamda xalqaro miqyosda juda katta yutuqlarga erishgani ko‘pchilikka ma’lum. Bugun kompaniya rahbariyati “Lokomotiv” stadioniga tashrif buyurib, futbol klubimiz rahbariyati bilan uchrashdi.

👉 Bugungi tadbir ikki qismdan iborat bo‘ldi. Tadbirning birinchi qismida har ikki tashkilot rahbariyati muzokaralar stolida shartnoma imzolashdan maqsad va shartnoma shartlarini kelishib olishdi. Tadbirning ikkinchi qismi “Lokomotiv” anjumanlar zalida davom ettirilib, bunda OAV xodimlari va muxlislar ko‘z o‘ngida shartnomaga imzo chekish tadbiri o‘tkazildi.

🎤 Tadbirda so‘z olgan “Lokomotiv” PFK bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov shunday dedi:

– “Futbol klubimiz tashkil etilganidan beri doim o‘z oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yib kelyapmiz. So‘nggi yillarda futbol marketingi sohasida ham katta qadam tashladik. Bugundan boshlab BMB Trade Group kompaniyasining “Lokomotiv” PFK titul homiysiga aylangani klubimiz faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ylaymanki, hozircha bir yilga tuzilgan homiylik shartnomasi faqat shu bilan to‘xtab qolmaydi. Biz BMB Trade Group bilan uzoq muddatli hamkorlik olib borishga harakat qilamiz”.

✅ Titul homiylik shartnomasini imzolash marosimida BMB-Opera Zafferano O‘zbekiston-Italiya qo‘shma korxonasi bosh direktori Aziz Mamatqulov va “Lokomotiv” PFK bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov ishtirok etdilar.

✅ BMB Trade Group kompaniyasi va “Lokomotiv” professional futbol klubi o‘rtasidagi hamkorlik yangi imkoniyatlarni ochish, shuningdek klubimizning futbol an’analarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.👍