Bugun Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Metallurg” – “Lokomotiv” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
👉 Bekoboddagi o‘yin jamoamiz uchun oson bo‘lmasligi aniq edi. Uchrashuv qiyin boshlandi. Jasur Jaloliddinov betob bo‘lib qolgani bois o‘yinda ishtirok eta olmadi. Qolaversa, bahsning 36-daqiqasida bir kishi kam bo‘lib qoldik. Hakam darvozamiz tomon penalti belgilashdan tashqari Abdumavlon Abdujalilovga qizil kartochka ko‘rsatdi.
👉 Ikkinchi bo‘limda deyarli shunga o‘xshash vaziyatda hakam “Metallurg” darvozasiga penalti belgiladi, biroq raqib darvozabonini jazolamadi. Jamoamiz to‘purari Temurxo‘ja Abduxoliqov esa 11 metrlik nuqtadan unumli foydalanib hisobni tenglashtirdi. O‘yinning katta qismini bir kishi kam o‘tkazgan bo‘lsak-da, yakunda g‘alaba biz tomonda bo‘ldi.
👉 Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tib borayotgan bir paytda katta sahnaga Shuhrat Muhammadiyev chiqdi. Zaxiradan tushgan Shuhrat o‘ng qanotdan to‘pni juda chiroyli tarzda jarima maydonchasi ichiga uzatdi. Bu vaziyatda Azizbek Amanov chaqqon harakat qilib bosh bilan zarba yo‘llab “temiryo‘lchilar”ga g‘alaba keltiruvchi gol muallifi bo‘ldi. Shu tariqa “Lokomotiv” muhim uch ochko bilan Bekoboddan qaytadigan bo‘ldi.
✅ Yana bir gap. Hisob tenglashgan vaziyatda zaxiradan tushgan darvozabonimiz Javohir Ilyosov juda katta hissa qo‘shdi. Negaki aynan uning raqib hujumini bartaraf etib, to‘pni to‘g‘ri Aziz Amanovga yetkazib berishi penalti bilan yakunlandi. Qisqa qilib aytganda, bu o‘yinda biz bir kishi bo‘lib qolishimizga qaramay, matonat evaziga zafar quchdik. Bu juda yoqimli g‘alaba bo‘ldi. Barcha “temiryo‘lchilar” va jamoamiz muxlislarini ajoyib o‘yin va muhim g‘alaba bilan tabriklab qolamiz. 👍👏