“Lokomotiv” PFK Andrey Fyodorovni iste’foga chiqardi

“Lokomotiv” asosiy tarkibi Coca Cola Superligasi oxirgi 2 o’yinida ketma-ket mag’lubiyatga uchragani bois bugun futbol klubimiz rahbariyati futbolchilar bilan uchrashuv o’tkazdi.

Uchrashuvda jamoamizni shu paytgacha boshqarib kelgan Andrey Fyodorov klub rahbariyati tomonidan iste’foga chiqarilgani ma’lum qilindi.

“Temiryo’lchilar” uchun ushbu mavsum birmuncha og’ir kechayotgani sir emas. Xususan, jamoamiz Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidan o’ta olmagan bo’lsa, Superliganing dastlabki 10 turida 4 bor g’alaba qozonib, 6 marta mag’lubiyatga uchradi. Natijada 10-turdan so’ng jamoa turnir jadvalida 8-o’rinni egallab turibdi. Mazkur natijalar sabab Andrey Fyodorov iste’foga chiqarildi. Uning keyingi faoliyatiga omad tilaymiz.

Ma’lumki, ertaga, 21-avgust kuni “Lokomotiv” Olmaliq shahrida “Qo’qon-1912” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Mazkur o’yinda jamoani kim boshqarishini ertaga ma’lum qilamiz. “Lokomotiv” PFK o’zaro hamkorlik uchun Andrey Vitalyevichga minnatdorlik bildiradi.