Superliganing barcha klublari qatori “Lokomotiv” futbolchilari ham karantinni oʻz uylarida oʻtkazishyapti.
Karantin qanday oʻtayotgani, uyda nima mashqlar bajarayotgani hamda futbolni qanchalik sogʻinganini bilish maqsadida jamoamiz himoyachisi Sherzod Fayziyev bilan bogʻlandik.
– Karantindagi vaqt qanday oʻtyapti? Nimalar bilan bandsiz?
– Hamma qatori men ham karatinni uyda, oilam davrasida oʻtkazyapman. Oilamiz koʻpchilik, shu bois zerikishga hojat qolmayapti. Odatda farzandlarim va jiyanlarimni oʻynatish bilan chalgʻiyapman.
– Oʻz formangizni saqlab turish uchun qanday mashqlar bajaryapsiz?
– Jamoamiz murabbiylar shtabi har bir futbolchiga uyda bajarsa boʻladigan alohida dastur yozib bergan. Men ham shu boʻyicha individual mashgʻulot oʻtkazyapman. Jiyanlarim ham futbolchi, birgalikda toʻp tepyapmiz.
– Futbolni qanchalik sogʻindingiz?
– Judayam sogʻindim. Axir futbolga hayotimni bagʻishlaganman. Nasib qilsa tez orada yana yashil maydonga qaytamiz.
– Nima deb oʻylaysiz, karantindan keyin oʻyin ritmiga tushib olish qiyin boʻladimi?
– Bu endi karantin qachon tugashi va Superliga oʻyinlari qachondan davom etishiga bogʻliq. Hozir esa hammamiz avvalo sogʻlikni oʻylashimiz kerak. Barcha uyda qolib karantin qoidalariga amal qilsa, koronavirus balosidan shuncha tez qutulamiz.