Ayni damda Xitoyning Uxan shahridagi koronavirus infeksiyasi butun dunyo hamjamiyati markazida turibdi. Ushbu kasallikdan ehtiyot bo‘lish choralari hamda salomatlik gigienasiga muntazam e’tibor berish mavzusida ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, “Lokomotiv” shifokori Abror Pirriev ushbu kasallik borasida ma’lumotlar berib o‘tdi: – Hammaga yaxshi ma’lum, hozir butun dunyo Ommaviy axborot vositalarida Xitoyning Uxan’ shahrida tarqalgan koronavirus haqida ko‘plab maqolalar chop etilmoqda. Butun dunyoda asosiy mavzu koronavirus virusi bo‘lib turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu virus odatda jamoat joylarida tez tarqaladi. Shu bois biz ham bir jamoa bo‘lganimiz uchun doim salomatlik gigienasiga e’tibor berishimiz kerak. Birinchi navbatda toza yurish, doim yuvinib turish hamda joiz hollarda tibbiy niqob taqib yurishga to‘g‘ri keladi. Xursand qiladigan tomoni shundaki, koronavirus yurtimizga tahdid solayotgani yo‘q. Shunga qaramay hech qachon hushyorlikni yo‘qotmasligimiz zarur.
Keyinchalik sog‘liqni saqlab vazirligidan tashrif buyurgan vakil o‘z nutqi davomida ushbu kasallik borasida batafsil gapirdi. Tadbir yakunida esa yig‘ilish qatnashchilari o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar.