Superligani ikkinchi o’rinda tugatgan ‘Lokomotiv’ yangi mavsumni birmuncha erta boshlaydi. ‘Temiryo’lchilar’ 21 yanvardan Osiyo chempionlar ligasiga kirishadilar. Shu kuni Toshkentda Tojikiston chempioni ‘Istiqlol’ OChL pley-off bosqichi doirasida mehmon bo’ladi.
Agar ‘Lokomotiv’ 21 yanvar kuni ‘Istiqlol’ni mag’lub etsa, 28 yanvar kuni safarda Saudiya Arabistonining ‘Al Ahli’ klubiga qarshi ikkinchi pley-off uchrashuvini o’tkazadi. ‘Al Ahli’ mag’lub etilgan taqdirda jamoamiz OChL guruh o’yinlariga yo’llanma oladi. Ko’rib turganingizdek, ‘Loko’ uchun yangi mavsum ancha erta start oladi.
‘Temiryo’lchilar’ mavsumga tayyorgarlikning dastlabki qismini Yangi yil bayramiga qadar Toshkentda olib borishadi. Shundan so’ng jamoa Dubayga yo’l olib OChL bahslariga tayyorgarlikni davom ettiradi. Dubayda bo’ladigan o’quv-mashg’ulot davomida bir nechta o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazish ko’zda tutilgan.
Hozircha ‘Lokomotiv’ning ikkita raqibi ma’lum. Klub tomonidan yuborilgan taklifga Xitoy va Shotlandiya klublari rozilik bildirishdi. Shulardan biri Xitoy Superligasi vakili ‘Jiangsu Suning’ futbol klubi. Ma’lumot uchun, ushbu jamoa bu yilgi chempionatni 4-o’rinda tugatdi. ‘Jiangsu’ bosh murabbiyi ruminiyalik Kosmin Olariu hisoblanadi. Ikkinchi jamoa esa Shotlandiyaning eng nomdor klublaridan biri ‘Glazgo Reynjers’. Ayni paytda ushbu jamoani ‘Liverpul’ning sobiq sardori Stiven Jerrard boshqaryapti.
Har ikki xorij klubiga ‘Lokomotiv’ PFK tomonidan yuborilgan taklif ma’qul keldi. ‘Lokomotiv’ ‘Glazgo Reynjers’ga qarshi 10 yoki 11 yanvar kuni o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazadi. ‘Jiangsu Suning’ bilan bo’ladigan o’yin 14 yanvarga belgilangan. Jamoamizning yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi haqida to’liq ma’lumot keyinroq klub matbuot xizmati tomonidan beriladi.
‘Lokomotiv’ PFK matbuot xizmati.