Bugun Coca Cola Superligasining 21-turidan oʻrin olgan uchrashuvlar davom ettiriladi. Turnir jadvalida 37 ochko bilan ikkinchi oʻrinda borayotgan “Lokomotiv” Navoiyda “Qizilqum” mehmoni boʻladi. “Qizilqum” hisobida 18 ochko mavjud boʻlib, bu jamoa turnir jadvalida oxirgi oʻrinni egallab turibdi.
Bugungi bellashuv har ikki jamoa uchun muhim. Negaki “Loko” ikkinchi oʻrinni saqlab qolish uchun kurashayotgan boʻlsa, “Qizilqum” xavfli zonani tark etish maqsadida bahs olib boradi. Shu bois ham bugun Navoiyda qiziqarli toʻqnashuv kechishi kutilyapti.
Ikkinchi davra boshlanganidan beri “Loko” safarda gʻalaba qozongani yoʻq. Jamoa oxirgi marta birinchi davraning 10-turida “Nasaf”ni 1:0 hisobida magʻlub etib qaytgan. Shundan beri “temiryoʻlchilar” safarda beshta oʻyin oʻtkazib, ikki bor magʻlubiyatga uchrashdi va uch marta durang qayd etishdi.
“Lokomotiv”ning oxirgi uch oʻyini durang natija bilan yakun topdi. Uyda “Metallurg”, safarda “Bunyodkor” va “Qoʻqon-1912” jamoalari bilan 1:1 hisobi qayd etildi.
“Qizilqum”ga kelsak, bu jamoa ikkinchi davra startidan beri faqat ikkita bellashuvda zafar quchdi. Navoiyliklar ham oxirgi uchta oʻyinda gʻalaba qozona olishmadi. Jamoa “Surxon” va “Bunyodkor”ga imkoniyatni boy berib, oʻz maydonida “Nasaf” bilan durang oʻynadi.
Navoiyda kechgan oxirgi 5 uchrashuv
2018. “Qizilqum” – “Lokomotiv” 0:3
2017. “Qizilqum” – “Lokomotiv” 0:2
2016. “Qizilqum” – “Lokomotiv” 0:1
2015. “Qizilqum” – “Lokomotiv” 0:2
2014. “Qizilqum” – “Lokomotiv” 2:3
Navoiyda boʻlib oʻtgan oxirgi beshta uchrashuvning hammasida “Lokomotiv” gʻalaba bilan qaytgan. “Qizilqum” oʻz maydonidagi oxirgi toʻrt oʻyindan beri “Loko”ga gol ura olmayapti. Bu mavsum birinchi davrada boʻlib oʻtgan bahsda ham “Loko” gʻalaba qozongan – 3:1.