Bugun Toshkentdagi Botkin qabristonida har qachongidan odam koʻp boʻldi. 1979-yil 11-avgust kuni aviahalokat sabab hayotdan koʻz yumgan “Paxtakor” jamoasi aʼzolari xotirasini yodga olish maqsadida juda koʻpchilik tashrif buyurdi.
“Lokomotiv” futbolchilari kecha Termizda Superliga 16-tur doirasida “Surxon” jamoasiga qarshi maydonga tushib, oʻyindan keyin poyezdda Toshkentga qaytishdi. Jamoa aʼzolari bugun tushga yaqin poytaxtga yetib kelib, avtobusda toʻgʻri Botkin qabristoni tomon yoʻl olishdi va “Paxtakor-79” xotirasi uchun yodgorlik poyiga gulchambarlar qoʻyishdi. Bugungi tadbirda bir qator sport faxriylari hamda oʻzbek futboli rahbarlari ham ishtirok etishdi.