Oʻzbek futbolining taniqli va tajribali mutaxassislaridan biri Samvel Babayan “Lokomotiv” futbol klubida bosh murabbiy sifatida ish boshladi.
Futbol muxlislariga yaxshi maʼlum, Samvel Babayan asosan “Paxtakor” futbol klubidagi bir necha yillik faoliyati orqali keng jamoatchilikka tanilgan. Uning katta tajribasi hamda oʻzbek futbolidagi samarali mehnatini inobatga olib “Lokomotiv” PFK uni bosh murabbiy sifatida klubga taklif etdi.
Samvel Babayan “Paxtakor”dagi faoliyati davomida koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritgan. U rahbarlik qilgan yillari “Paxtakor” 9 bor mamlakat milliy chempionati hamda 8-marta Oʻzbekiston Kubogi gʻolibi deb topilgan. Bundan tashqari “Paxtakor”ning ikki bor Osiyo
chempionlar ligasi yarim finaliga qadar yetib borishida, shu qatorda 2002-yil mavsum yakunlariga koʻra “Osiyoning eng yaxshi futbol klubi” deb topilishida qoʻshgan hissasi katta.
Bundan tashqari Samvel Babayan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ham samarali mehnat qilgan hamda uning qoʻl ostida 42 nafar futbolchi mamlakat bosh jamoasida oʻz debyutini nishonlagan. Shuningdek, Samvel Vyacheslavovich turli
yillarda Oʻzbekistonning olimpiya, yoshlar va oʻsmirlar terma jamoalariga “Paxtakor” menejeri sifatida 200ga yaqin futbolchilarni tarbiyalab bergan. Yana shuni taʼkidlash joiz, Samvel Babayan oʻzbek futboliga qoʻshgan ulkan hissasi tufayli ikki bor Oʻzbekistonning “Eng yaxshi murabbiyi” deb topilgan.
Oʻylaymizki, shunday mutaxassisning katta tajribasi endilikda “Lokomotiv” futbol klubining yangi yutuqlarni qoʻlga kiritishida qoʻl keladi.
“Lokomotiv” futbol klubi uchun Samvel Babayandek yetuk futbol mutaxassisini oʻzaro hamkorlik asosida ish yuritishga taklif etish katta sharaf hisoblanadi hamda u kishining keyingi faoliyatiga omad tilab qolamiz.
Samvel Babayanning erishgan yutuqlari:
Oʻzbekiston chempioni – 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2012, 2014, 2015-yillar, “Paxtakor”
Oʻzbekistonning vitse chempioni – 2008, 2009, 2010-yillar, “Paxtakor”
Oʻzbekiston Kubogi sohibi – 2001/02, 2002/03, 2004, 2005, 2006, 2007, 2009, 2011-yillar, “Paxtakor”
Osiyo Chempionlar Ligasi yarim finalchisi – 2002/03, 2004, “Paxtakor”
Hamdoʻstlik kubogi sohibi – 2007-yil, “Paxtakor”
Oʻzbekistonning eng yaxshi murabbiyi – 2014, 2015