Jamoamiz bosh murabbiyi Mirko Yelichichning “Olimpik-Mobiuz”ga qarshi o’yindan keyingi fikrlari.
– Bu o‘yin qiyin o‘tishini bilardik. Raqib yaxshi jamoa, ularda sifat va tezlik bor. Ularning o‘yini menga yoqadi, chunki doimo hujumkor futbol o‘ynashadi. Terma jamoa futbolchilarining bunday o‘yin ko‘rsatishi o‘zbek futboli uchun yaxshi holat. Shu sababli qiyin bahs bo‘lishini kutgandik. Erta gol o‘tkazib yubordik, o‘sha payt hammamiz uxlab qoldik. Buni tushuntirib berish juda qiyin. Qizil kartochkadan keyin esa oldinga o‘tish vazifamiz qiyinlashdi. Balki shu holat sababli ko‘pchilik durangga rozi bo‘lishi mumkin, biroq men durangni qabul qila olmayman. Lekin bunday holatda bir ochko bizga yordam berishi mumkin.
– Birinchi bo‘limda jamoa futbolchisi qizil oldi. Bu haqda nima deya olasiz?
– Maydon markazida nimalar bo‘layotganini bilish qiyin. Lekin o‘yindan oldin nima bo‘lganda ham tartib-intizomga amal qilinishi aytilgandi. Bunday paytda hakamga qarshi ham hakam tomon ham bo‘la olmaymiz. Shunchaki u yerda nima bo‘lganini bilmaymiz.
– Ikkinchi bo‘limda “Lokomotiv” kam hujum qildi. Bunga chetlatish sabablimi?
– Chetlatishdan keyin boshqacha o‘ynash kerak bo‘ldi. Chunki o‘yin tizimimiz buzilib ketdi: oldinroqda o‘ynashdan ko‘ra o‘rta va orqa chiziqda o‘ynash kerak edi. Raqiblar o‘yinni nazorat qilishdi. Tarkibdagi futbolchilarning tajribasi bizga bu holatda yordam berdi. Keyingi o‘yingacha vaqt bor. Bu holatlarni ko‘rib chiqish kerak.
– Kelasi o‘yin ushbu stadionda “Aral”ga qarshi bo‘ladi. “Aral” hozir peshqadam. Bu bahs qanday o‘tishi mumkin?
– Ligadagi barcha o‘yin qiyin. Turnir jadvalida pastki o‘rinlardagi jamoalar ham Sizga qattiq kurash taklif qilishi mumkin. Shu sababli jadvaldagi joyni ushlab qolish ham oson bo‘lmaydi. Har bir jamoaning o‘z o‘yin uslubi, vazifalari, talablari bor, shu sababli uchrashuvlarga boshqacha yondashish kerak. O‘z navbatida raqiblar ham har bir bahsga boshqacha qaramoqda. Bu yaxshi holat. Chunki barcha jamoalar futbol o‘ynashga harakat qilmoqda. “Aral”ga qarshi o‘yinda esa ko‘proq jismoniy holat asosiy o‘ringa chiqadi.

