Coca Cola Superligasi 14-turi doirasida AGMKga qarshi bahsdan oldin G’ulom-Haydar Gulyamov o’z fikrlarini bildirdi.👇
– Oldimizda kutib turgan AGMKga qarshi bahs haqida nimalar deya olasiz?
– O‘z maydonimizda “Nasaf”ni mag‘lub etganimizdan keyin o‘zimizga bo‘lgan ishonch oshdi. Chunki “Nasaf” kuchsiz jamoa emas, doimiy ravishda sovrinli o‘rinlar uchun kurashib keladi. Tarkibi yosh bo‘lgani uchun futbolchilar kuchga to‘la. Shunday jamoani biz mag‘lub eta oldik. O‘z navbatida AGMK ham shunday jamoa. Bir necha yillardan buyon tarkibni barqaror ushlab turishibdi va yuqori o‘rinlar maqsad qilinmoqda. Tarkibning asosi tajribali futbolchilardan iborat. Shu boisdan qiziqarli o‘yin bo‘lishini kutyapman.
– Hazil savol. “Nasaf”ni asosiy hujumchilarimizsiz mag‘lub etgandik. Shu tariqa AGMKni ham yutsa bo‘ladimi?
– Murabbiylar har xil bo‘ladi. Kimlardir g‘olib jamoani o‘zgartirishni istamaydi. Kimlardir esa o‘yingacha tayyor bo‘lganlarni maydonga tashlaydi. Temurxo‘ja tayyor bo‘lsa uni tashlash kerak yoki Marat ham shunday. O‘tgan bahsda biz himoyalanayotgan paytimiz Azizning juda ko‘p yordami tegdi. AGMKga qarshi bahsda ham murabbiylarning ko‘rsatmalarini kutamiz. Ular barcha yo‘l-yo‘riqlarni berishadi. Ammo zaxirada kim qolib ketsa ham uni jamoa uchun kerak bo‘lmagan futbolchi deya olmayman.
– Har bir uchrashuvda g‘alabalarga erishish va ochkolarni qo‘lga kiritish uchun nima qilish kerak?
– Barcha bahslarda o‘zimiz istagan o‘yinni ko‘rsata olishimiz kerak. Maksimal ravishda ochko yig‘gan taqdirimizda ham raqiblar ochko yo‘qotishi mumkin. Undan tashqari, asosiy raqobatchilarimizni yutishimiz kerak bo‘ladi. Biz birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinlar uchun kurashyapmizmi, demak, aynan ularni mag‘lub etishni bilishimiz darkor. Yuqoridagilarga ko‘p mag‘lub bo‘layotganimiz uchun biz turnir jadvalining o‘rta pog‘onalarida bo‘lib turibmiz. Birinchi davrada AGMK, “Paxtakor”, “Navbahor” kabi jamoalar bilan uchrashuvlarda biroz omad yetishmadi. Agarda ikkinchi davrada ularni yuta olsak, turnir jadvalida yuqorilashimiz mumkin.