Coca Cola Superligasining 9-turi doirasida “Andijon” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Mikael Sekeyra o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Chiroyli o‘yin bo‘ldi. “Andijon” ham yaxshi jamoa ekan. Oson o‘yin bo‘lmasligini bilardik va bunga tayyor turgandik. Dastlabki 20 daqiqalikdan keyin o‘yinni o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda ham futbolchilarimiz yaxshi o‘yin ko‘rsatib berishdi. “Lokomotiv”ni ham g‘alaba bilan tabriklayman, futbolchilarim natijani o‘z tomoniga og‘dira olishdi. 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lib turgan paytda 2:1 hisobida yutib ketish oson ish emas. “Andijon” muxlislariga minnatdorlik bildiraman. Ular o‘z futbolchilarini yaxshi qo‘llab turishdi. Bugungi g‘alabamiz adolatli bo‘ldi deb hisoblayman.
– “Andijon” maydonida “Lokomotiv” ikki marta g‘alabaga erishdi. “Andijon” “Loko” uchun qulay raqibmi?
– Yo‘q, unday emas. “Andijon” yaxshi jamoa. Ular o‘yinni yaxshi boshlashdi. Ammo bunday yaxshi o‘yini bilan “Andijon” pastki o‘rinlarga munosib emas.
– Bardanka asosiy tarkibda maydonga tushmayapti. Uning saviyasi boshqa himoyachilarnikidan pastmi?
– Bu borada muammo yo‘q. Kim o‘zini yaxshi his qilsa, o‘sha o‘ynaydi. O‘zim shuni tushunganim uchun bunga qadar o‘zini ko‘rsatayotgan futbolchilarimni asosiy tarkibga tushirdim.