Diyorjon Turopov: “Raqibdan kuchliligimiz sezilib turdi”

Superliganing 5-turida “Surxon” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin “Lokomotiv” yarim himoyachisi Diyorjon Turopov klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

– O‘yin jangovar ruxda o‘tdi. Bahs davomida raqibdan kuchliligimiz ko‘rindi. Chunki biz raqibdan ko‘ra ko‘proq vaziyatlar yaratdik. Biroq ularni golga aylantirishda biroz sustroq harakat qildik. Umuman olganda bugun chiroyli o‘yin ko‘rsata oldik deya olaman. Shuningdek, “Surxon” futbolchilari ham bizga yaxshi qarshilik ko‘rsata olishdi.

– Ketma-ket ikkinchi o‘yinda gol urib, jamoaga 4 ochko keltirdingiz. Hissiyotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Jamoaga yordamimi tegayotganidan xursandman. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni niyat qilganmiz. Ammo yaratilayotgan ko‘plab vaziyatlardan foydalanishda xatolar ko‘p bo‘lmoqda. Bu borada ishlab, ko‘proq gol urishga harakat qilyapmiz. Endi o‘yinimiz ochilib ketishiga ishonaman.

– Ushbu mavsumda ilk g‘alaba 5-turga kelib qo‘lga kiritildi…
– Bu futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Asosiysi – bugun g‘alabaga erishdik. Gʻalaba doimo futbolchining, muxlislarning kayfiyatini ko‘taradi. Endi to‘xtab qolish kerak emas. Hali mavsumning katta qismi oldinda. Ko‘plab g‘alabalar bizni kutib turganiga ishonaman.