“Rotor”ga qarshi o‘yin haqida rasmiy bayonot

“Rotor” sharoit yaratib bermagani bois jamoamiz ishtirokidagi o‘yin o‘tkazilmadi ⚽️❌

Bugun, 10 fevral kuni “Lokomotiv” Turkiya yig‘ini doirasida oxirgi uchrashuvini o‘tkazishi lozim edi. Bu o‘yin Rossiya premyer-ligasi vakili “Rotor” bilan rejalashtirib qo‘yilgandi. 👇👇
O‘yin bo‘lib o‘tishi borasida garchi har ikki jamoa o‘zaro kelishib olgan bo‘lsa-da, “Rotor” o‘yin yaqinlashgan sari ishni paysalga solaverdi.

“Lokomotiv” PFK ularga o‘yinni Sideda o‘tkazish taklifi bilan chiqdi, chunki biz istiqomat qilayotgan joyda yaxshi stadion bor va sharoitlari ham a’lo darajada. Ular esa o‘zlari istiqomat qilayotgan mehmonxona yaqinidagi maydonda o‘ynashni afzal ko‘rishdi.

O‘yin vaqtini belgilash ham oson bo‘lmadi. Biz uchun o‘yinni 11:00 yoki tushdan keyin 16:00da boshlash qoniqtirardi. Ular esa 13:00da boshlaymiz turib olishdi. Yakunda tomonlar bir to‘xtamga kelib, uchrashuv soat 11:00da start olishiga kelishib olishdi.

Natijada bugun ertalab 8:45da mehmonxonadan o‘yin bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan “Kaya Palazzo” stadioni tomon avtobusda yo‘l oldik.

Salkam bir soatga yaqin (70 km.) yo‘l bosib, belgilangan joyga yetib bordik va ne ko‘z bilan ko‘raylikki, u yerda stadiondan asar ham yo‘q edi. Faqat uchta mashg‘ulot o‘tkazish maydonchasi bor ekan, xolos.

Jamoa o‘yinga borganda birinchi navbatda nima kerak bo‘ladi? Albatta, kiyim almashtirish xonasi. Axir ko‘chada hammaning ko‘z o‘ngida yechinib kiyinmaysiz-ku. Lekin biz borgan “stadion”da na kiyim almashtirish xonasi bor, na tribuna va na boshqa sharoitlar. O‘yindan keyin yuvinib olish ham kerak. Raqib futbolchilariga mazza, ular besh daqiqada o‘z xonalariga yetib olishadi, lekin biz-chi? Qolaversa mezbon jamoadan kimdir kutib olmadi ham.

Soat 10:30 bo‘ldi. Shu payt “Rotor” futbolchilari birin-ketin mehmonxonadan chiqib kela boshlashdi. Ular turgan mmehmonxona maydongacha besh daqiqalik yo‘l. “Lokomotiv” bosh murabbiyi Mikael Sekeyra “Biz havaskor klub emasmiz va bunday sharoiti yo‘q maydonda o‘ynay olmaymiz, 10 daqiqa vaqt bor, yo boshqa stadion topamiz yoki o‘yin bo‘lmaydi” deb dangal gapirdi. “Rotor”da ishlayotgan yordamchi murabbiy Maksim Shaskix jamoamiz oldiga kelib, vaziyatni tushuntirishga urindi, biroq bari befoyda.

O‘ng tomonda yana bitta maydon bor ekan, har holda biroz sharoiti yaxshiroq. Sharoiti yaxshiroq deganda maydon cheti atrofni o‘rab turgan sim to‘siqdan biroz uzoqroq, biz o‘yin o‘tkazmoqchi bo‘lgan maydonda esa to‘siq maydon chizig‘iga juda yaqin edi va qanot hakamiga yugurishga joy yo‘q. Ha, aytgancha zaxiradagilar o‘tiray desa o‘rindiq ham, chigalyozdi mashqlar uchun alohida joy ham yo‘q. Yonimizdagi maydonda “Ufa” klubining mashg‘uloti belgilangan ekan, shu bois u yerda ham o‘ynab bo‘lmasdi.

Baribir hech narsa o‘xshamadi va yana avtobusga o‘tirib ortga qaytdik. Eslatib o‘tamiz, 28 yanvardan Turkiya yig‘iniga kirishgan “Lokomotiv” 12 fevral kuni Toshkentga qaytib ketadi. Ertaga oldinda bir kunimiz bor, qaysidir jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladimi, murabbiylar hozir shuni hal qilishmoqda.

Yangilik bo‘lishi bilan albatta yetkazamiz.

“Lokomotiv” PFK matbuot xizmati.