Jaloliddin Jumaboyev: “Lokomotiv”da har doim raqobat kuchli bo‘lgan” 🎤

“Temiryo‘lchilar”ning yosh himoyachisi Jaloliddin Jumaboyev intervyu berdi. 👇

O‘tgan yildan beri “Loko” asosiy tarkibida o‘ynab kelayotgan Jumaboyev o‘z intervyusida Turkiya yig‘ini, yangi murabbiy va jamoadagi raqobat haqida to‘xtaldi.

✅ Xorij yig‘ini haqida
– Turkiyaga kelganimizdan beri har bir mashg‘ulot yaxshi va qiziqarli o‘tyapti. Mashg‘ulot paytida ko‘proq o‘yin va taktika bilan bog‘liq mashqlarni bajaryapmiz. Yig‘in jamoadagi hammaga yoqyapti deb o‘ylayman. O‘z navbatida jismoniy tayyorgarlikka ham katta e’tibor qaratyapmiz.

✅ Yangi murabbiy haqida
– Portugaliyalik murabbiy Mikael Sekeyra qo‘l ostida ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz. Mashg‘ulotlarda uncha qiynalayotganimiz yo‘q. Murabbiy nima desa shuni bajarishga harakat qilyapmiz. Mashg‘ulotda bajarilayotgan mashqlar juda foydali ekanini ko‘ryapmiz.

✅ “Desna” bilan kechgan o‘rtoqlik uchrashuvi haqida
– Bu bizning Turkiyadagi birinchi o‘yinimiz bo‘ldi. Uchrashuv o‘ziga yarasha og‘ir, shu bilan birga qiziq kechdi. Ko‘plab hujumlar uyushtirdik, ammo to‘p kirita olmadik. Bizda yangi jamoa shakllanyapti, shu bois murabbiyning taktikasiga moslashib ketish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi.

✅ Jamoadagi raqobat haqida
– “Lokomotiv”da har doim raqobat kuchli bo‘lgan. Hozir himoya chizig‘imizda ham raqobat kuchli. Mana, “Bunyodkor”dan Islom Qobilov keldi, ispaniyalik legioner Diyego Bardanka jamoamizga qo‘shildi. Men ham bor kuchim bilan ishlab asosiy tarkibdan o‘rin egallashga harakat qilaman.

Side, Turkiya. 03.02.2021

❤️💚 #LPFC 🚂💨 #TurkeyCamp🇹🇷