Marat Bikmayev: “Gollarimni otamga bag‘ishlayman”

Bugun AGMK darvozasiga ikkita gol urgan Marat Bikmayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Marat, g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yinni zaxiradan boshlash sizning kayfiyatingizga ta’sir qilmadimi? Maydonga tushishingizdan oldin murabbiylar sizga nima dedi?
– Nega ta’sir qilarkan? O‘yinni asosiyda boshlaymanmi yoki zaxirada farqi yo‘q, kayfiyat yuqori nuqtada bo‘ladi. Murabbiylar shtabi menga alohida vazifalar yukladi. Biz hujumdagi faollikni oshirib, bosim qilishimiz kerak edi. Umuman olganda, natijadan mamnunman. Qiyin bo‘ldi, biroq jamoa o‘yinning borishini o‘zgartira oldi. O‘yinni foydamizga yakunlashga qattiq urindik va bunga erishdik.

– Sovuq qorli havo o‘yinning borishiga ta’sir qildimi?
– Albatta! Bunday sovuqda qancha yugursangiz ham oyoq muzlab qoladi va chiroyli o‘yin ko‘rsatish qiyin bo‘ladi. “Loko”da ham AGMKda ham shunday bo‘ldi. Biroq ob-havodan nolib bo‘lmaydi. Qorda o‘ynash qiyinmi? Qiyin! Biroq professional futbolchilar barchasini to‘g‘ri qabul qilishi kerak.

– O‘yinga otangiz kelgani qo‘shimcha motivasiya berdimi?
– Otam kichkinaligimdan har bir qadamimni kuzatib boradi. U meni qo‘llab-quvvatlagan barchadan ustun. Otam men bilan nafaqat uy o‘yinlarida, balki boshqa shaharlariga ham boradi. Undan barchasiga minnatdorman. Bugungi gollarimni unga bag‘ishlayman.