Andrey Miklyayev: “Marat Bikmayev – tug‘ma ijrochi”

Coca Cola Superliganing 23-turi doirasida AGMKga qarshi o‘yindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyayev matbuot anjumanida qatnashdi.
– Bugun ushbu o‘yinning o‘tkazilishida stadionni qordan tozalagan barchaga minnatdorlik bildirmoqchiman va ularni ham g‘alaba bilan tabriklayman. Aynan ular sababli bugungi uchrashuv yaxshi stadionda jangovar tarzda o‘tdi. Buni gollar va yaratilgan vaziyatlar bilan ham isbotlash mumkin. Uch ochko olganimizdan xursandman. Bahs davomida kichik ustunlik biz tomonda bo‘ldi, raqibdan ko‘ra bir-ikkita ko‘proq vaziyat yaratdik. Omad bizga kulib boqdi va so‘nggi soniyalarda gol urib ketdik.

– Birinchi bo‘limda Vadim Afonin va Kaxi Maxaradzening o‘yinini solishtiradigan bo‘lsak, Afonin biroz sekinroq o‘ynadi va juda ko‘p xato qildi. Biroq Kaxi Maxaradze almashtirildi.
– Ushbu futbolchilarning vazifalari boshqacha. Bugun o‘yin sovuq havoda bo‘ldi. Bunda jangovar futbolchilar ko‘proq kerak bo‘ladi. Shuningdek, so‘nggi paytlarda Kaxi kasal bo‘lib yurgandi. Undan bu borada bir necha bora so‘radik. 1:0 hisobida yutqazayotgan paytda markazdagi kuchni biroz yangiladik. Bor gap shu.

– Zaxiradan tushayotgan futbolchilar jamoaning o‘yiniga juda katta ta’sir o‘tkazib, katta yuklama olmoqda. Buning siri nimada. Chunki Marat Bikmayev zaxiradan maydonga tushib, birinchi marta dubl qayd etmayapti.
– Bu juda muhim. Agarda siz ikki yil oldingi OChLdagi o‘yinlarimizni ko‘radigan bo‘lsangiz, o‘shanda ham shunday bo‘layotgandi. U zaxiradan tushardi va istaganicha gol urardi. Marat kabi futbolchilar birinchi bo‘limda raqibiga qarshi kurashadi. Lekin u tug‘ma ijrochi. Uning yoshi katta bo‘lsa ham vaziyatlardan foydalanib keta oladi. Barchadan kuch ketadi.
Umuman olganda o‘yin rejasi shunday bo‘lgandi. Ob-havo sababli hamma yuguradi, ko‘p to‘qnashuvlar bo‘ladi. Maydon muzlagan bo‘lishi mumkin. O‘shanda Maratga “mana senga 30 daqiqa, bundan foydalan” dedik. So‘nggi daqiqada vaziyatni yaratdi va undan foydalandi. Ha, unda biroz pasayish bo‘ldi. Lekin bu futbol, barchada shunday holat bo‘lib turadi.

– Tribunadagi muxlislar bugun yomon o‘yin ko‘rsatmagan Dilshod Komilovni biroz asabiy deb hisoblashdi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
– Bu hammada bor. Bunday holatga qarshi kurashish faqatgina o‘yinlar orqali bo‘ladi. Bugun ahamiyat bergan bo‘lsangiz, Alijonovga ham imkoniyat berdik. U ko‘p ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgandi. Bizda shunday futbolchilar juda ko‘p. Biz ham turnir jadvaliga qarab boramiz va tepada bo‘lishni istaymiz. Kollektivimizda o‘yin amaliyoti kerak bo‘lgan yosh futbolchilar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Undan tashqari, yoshlar tarkibimizda ham bir necha ajoyib iqtidorlar bor. Komilov bugun yomon o‘yin ko‘rsatmadi, unga ishonamiz. Farruh Ibrohimov ham yosh bola emas. Jamoaning ertasi bo‘layotganlarni o‘tirg‘izib qo‘yish yaramaydi. Chunki, o‘yinga tushirganda, u ko‘proq qaltiraydi. Yaxshiki, hozir 5ta o‘zgarishga ruxsat berilgan, agar 3 o‘zgarish bo‘lganida nima bo‘lardi?!