📹Andrey Miklyayev: “Jangovar o‘yinlarda qo‘lga kiritiladigan uch ochko juda yoqimli bo‘ladi”

“Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyayev “Bunyodkor”ga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Ko‘p gapirish qiyin. Ilk navbatda 3 ochkoga ega chiqqan yigitlarni tabriklayman. O‘yin juda jangovar, asabiy o‘tdi. Ikkala jamoa ham mag‘lub bo‘lishni istamadi. Shu boisdan chiroyli o‘yin ko‘rdik. Jamoalarning o‘yin uslublari bir-biridan ajralib turdi. “Bunyodkor”ning qanday o‘ynashini bilib turgandik. Yigitlar tez o‘ynashadi va texnik tomonlama yaxshi shakllangan. Paslari ham ajoyib. Shu boisdan ularning o‘yin uslubiga qarshi uslubni tanladik. Uch ochko qo‘lga kiritilganidan xursandman. Bunday jangovar o‘yinda qo‘lga kiritiladigan uch ochko juda yoqimli bo‘ladi.

– “Lokomotiv”ning uzun paslariga “Bunyodkor” dosh bera olmadi. Jumladan, jamoaning ikkala goli ham bir xil uslubda urildi.
– Oldinroq aytganimdek, raqiblarga qarshi ularning o‘yin uslubiga qarshi uslub tanladik. Raqib futbolchilarida tezkorlar ko‘p. Bizda rejalar amalga oshdi. Umuman olganda o‘yin teng o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda ikki jamoada ham ko‘plab vaziyatlar kuzatildi. O‘yinda nimalar bo‘lgan bo‘lsa barchasidan mamnunman. Yigitlar bugun g‘alaba uchun yondi, raqiblarni jazolash uchun intildi. Ha, tan olamiz, xatolar bor, bu borada ishlash kerak. Ayni damda jamoaning qayta dunyoga kelish jarayoni ketmoqda. “Loko”da yoshlarga katta e’tibor berilayotgani esa menga juda yoqmoqda.

– Ibrohim Gʻanixonovni chap qanot himoyasida ko‘p bora ko‘ryapmiz.
– Bugun uchinchi o‘yin. Bizda himoyada muammolar bor edi. Shuhrat Muhammadiyev ayrim sabablarga ko‘ra o‘yinni o‘tkazib yubordi. Shu boisdan uning o‘rnida Gʻulom-Haydar o‘ynadi. O‘yin yakunida esa Komilovning sog‘lig‘ida muammolar kuzatildi. Shu sababli tezroq qaror chiqarish kerak edi va Gʻanixonovni chap qanotda o‘ynatishga majbur bo‘ldik.

– Jaloliddin Jumaboyev haqida. Uning bo‘yi uzun emas, lekin paslari anchagina chiroyli chiqmoqda.
– Jaloliddin o‘yindan-o‘yinga qo‘shmoqda. Imkoniyat berilmoqda, o‘zimizning tarbiyalanuvchimiz asosiy tarkib darajasiga yetib kelgani bizni quvontiryapti. Zaxiramizda yoshlar juda ko‘p. Ular o‘ynashi kerak, ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etishga harakat qilyapmiz. To‘g‘ri “Lokomotiv” turnir jadvalining yuqori tomonida emas, garchi o‘rta pog‘onalarda bo‘lsak ham biz har bir ochko uchun qattiq kurasha olamiz.