Andrey Miklyayev: “Bugun mag‘lubiyatga loyiq emasdik”

“So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– “So‘g‘diyona”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun jangovar o‘yin bo‘ldi, biroq afsuski, ochko ishlab ololmadik. Bugun mag‘lubiyatga loyiq emasdik deb hisoblayman. Bugun bizning kunimiz emas ekan. Omad ochiqchasiga bizdan yuz o‘girdi. Birinchi bo‘limda ikki standartdan gol qo‘yib yubordik. 2:0 hisobi mehmon jamoa uchun juda katta zarba. Safarda 0:2ni yo‘qqa chiqarish juda qiyin.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, ikkinchi bo‘limda sezilarli darajada qo‘shib bordik. Ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik, foydalanganimizda bugun mag‘lubiyat emas, durang, balki g‘alaba bilan uyga qaytishimiz ham mumkin edi. Yigitlarni yondira oldik, ular gol urish uchun qattiq harakat qilishdi. Futbolda vaziyatlardan foydalana olmaslik holatlari ko‘p bo‘ladi, bu shunday o‘yin. Bugun chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alabaga erisha olmaganimiz juda achinarli bo‘ldi.

– Birinchi bo‘limda ham ikkinchi bo‘limdagi kabi o‘yin ko‘rsatishning iloji bo‘lmadimi?
– Ha, iloji bor edi. Biroq futbol shunday o‘yin, tushunyapsizmi, gollar turli xil ko‘rinishga ega bo‘ladi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, birinchi golda jarima maydonchasi ichida ko‘plab futbolchilar to‘planib turishgandi. Darvozabon esa to‘pni ko‘rmay qoldi. Jarima zarbasi esa ajoyib tarzda amalga oshirildi. Aytganimdek, 0:2 hisobidan chiqib ketish juda qiyin. “So‘g‘diyona” esa himoyaga tizilib oldi va yaxshi himoyalandi, qarshi hujumda o‘ynashga harakat qildi. Shu boisdan ularning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish qiyin edi deya olaman. Yigitlar bunga intilishdi, vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Lekin foydalana olishmadi. Shu o‘rinda raqiblar posbonini e’tirof o‘tib ketsa bo‘ladi. Juda ko‘p vaziyatlarda jamoani qutqardi.

– Ikkinchi davradagi o‘yinlarni inobatga olgan holda bugungi o‘yin natijasini omadsizlik deya olasizmi?
– Birinchidan, ayni damda jamoani tiklash davri ketmoqda. Tarkibda yosh futbolchilar ko‘p. Biz yosh futbolchilar orqali jamoa o‘yinini tezlashtirishga harakat qilyapmiz.

– “Loko” ikkinchi davrani ajoyib boshladi. Mavsum yakuniga qadar jamoani turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda ko‘rishimiz mumkinmi?
– Aytganingiz kelsin. Biz harakat qilyapmiz, jamoa har bir o‘yinga g‘alaba qozonish kayfiyati bilan tushmoqda. Bu yilda barchasi qiyin o‘tyapti, pandemiya, jarohatlar… Jamoalar tayyorgarlik jarayoni har xil o‘tmoqda. Mavsumni iloji boricha yuqori o‘rinlarda tugatishga harakat qilamiz.