Andrey Miklyayev: “O‘yin bobida raqibdan ustun edik”

“Buxoro”ga qarshi o‘yindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– O‘yin oson o‘tmadi. Uchrashuvni yaxshi boshladik, uchta gol urib oldik. Ko‘rinishidan biz o‘yinni shunday tugatishimiz ham mumkin edi, lekin o‘zimizga muammo orttirdik. Birinchi bo‘lim yakunida ko‘rsatilgan qizil kartochkadan keyin ikkinchi taymda bir necha o‘zgarishlar qilgan holda o‘yinni qayta qurishga harakat qildik. Shu sababdan ikkinchi taymda himoyada o‘ynashga to‘g‘ri keldi, vaziyatlar yaratishda biroz qiynaldik. Futbolchilar tanaffusda berilgan ko‘rsatmalarni bajarishdi. Uch ochko olganimizdan xursandman. Biz bunga o‘yin bobida ham loyiq edik.

– Temurxo‘ja Abduxoliqov bosh hakamga ko‘p bora e’tiroz bildirdi. Uning xarakteri biroz o‘zgargandek.
– Bilmadim. Bu o‘yinning bosimiga, hissiyotlarning jilovlanmasligiga ham bog‘liq. O‘yin davomida unga ham bu borada ko‘p gapirmasligi kerakligini ta’kidlab turdik. Hissiyot hammada bor. Masalan, sariq kartochka berilgan vaziyatda raqiblar futbolchisi Ergash Ismoilov bilan bog‘liq vaziyatni ham misol qilib keltirsa bo‘ladi. Barchasi tushunarsiz. O‘yinda bunday vaziyatlar bo‘lib turadi.